Samarqand davlat universiteti maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim fakulteti o‘qituvchisi O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi a’zosi, Malika Jumazoda nasr yo’nalishida qalam tebratib, Malikai Baxtiyor taxallusi bilan ijod qilib kelmoqda. Shu kungacha ijodkorning “Gulxaniy xonadoni sanamlari”, “Dunyoning bezagidir nabira”, “Halol non”, “Irfon olami” kabi asarlari nashrdan chiqqan. Ijodkor asarlari rang-barang mavzuda bo‘lib, turli yoshdagi o‘quvchilar toifasi uchun mo‘ljallangan. Masalan, “Irfon olami” nomli hikoyalar to‘plami bolalar adabiyoti namunasi bo‘lib, kichik yoshdagi o‘quvchilarni fikrlashga, tarbiyaga undaydi. Muallif asarda bolalarning tilidan eshitganlariga ortiqcha so‘z va birikmalar qo‘shmasdan, qog‘ozga tushirishga harakat qilgan. Ushbu kitob jajji kitobxonlar uchun nihoyatda foydali asar hisoblanadi. “Noni halol” kitobi esa tojik tilida yozilgan hikoya va hajviyalarni o‘z ichiga oladi. Adiba hajviyalarida bugungi davr odamlari, hayotda uchraydigan muammolar hamda jamiyatdagi turli illatlar ta’sirchan va betakror obrazlarda ochib beradi.

    Shuningdek, ijodkor fakultetlararo pedagogika kafedrasi mudiri, professor Kibriyo Hasanova hammualifligida tojik tilida ta’lim oluvchi talabalar uchun “Ijtimoiy pedagogika” nomli darslik ham chop ettirgan. Bundan tashqari, o‘tgan yili Hindistonda chop etilgan “Zamonaviy o‘zbek qissalari” antologiyasida ham bir nechta ijod namunalari hind va ingliz tillarida bosilib chiqqan.

    Shu bilan birgalikda Malika Jumazoda 2016-yili akademik Botirxon Valixo‘jayev nomidagi universitet stipendiyasi sohibi bo‘lgan.

    - Hozirda “Ommaviy axborot vositalari orqali talabalarni ijodkorlikka yo’naltirishning pedagogik asoslari” mavzusida ilmiy izlanishlar olib boryapman, - deydi tadqiqotchi Malika Jumazoda. – Bunda yoshlarning ommaviy axborot vositalarida oqilona foydalanish yo‘llarini ishlab chiqish, zamon talabiga mos keladigan dasturiy vositalardan unumli foydalanish orqali o’quvchining taffakkurini rivojlantirish maqsadga muvofiq qilingan. Ilmiy rahbarim Samarqand davlat universiteti professori Kibriyo Hasanova. Tadqiqot yuzasidan 10 ga yaqin ilmiy maqolalarim xalqaro va respublika jurnallarda nashr etilgan.

Iroda Bekmurodova

Samarqand davlat universiteti

filologiya fakulteti talabasi,

Shavkat Akramov olgan suratlar.