Samarqand davlat universitetida “Yashil makon” umummilliy loyihasi bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning fevral oyiga qadar 2 mingga yaqin ko‘chat ekilgan edi. Kashtan, lipa, yapon saforasi, Qrim qarag‘ayi, qayrag‘och kabi turli manzarali, mevali daraxt va buta ko‘chatlari shular jumlasidandir.

    “Yashil makon” umummilliy loyihasi bo‘yicha 24-27-fevral sanasida Samarqand davlat universiteti rektori, professor, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov tashabbusi bilan Qo‘shrabot tumanida 1500 tup o‘rik daraxti o‘tqazilib, SamDU bog‘i yaratildi.

    Bugun esa, Urgut tumanida joylashgan Samarqand davlat universitetining amaliyot o‘tash va sog‘lomlashtirish oromgohida 500 tupga yaqin mevali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.

    - Samarqand davlat universitetining amaliyot o‘tash va sog‘lomlashtirish oromgohida bugun hashar uyushtirildi - deydi fakultetlararo jismoniy madaniyat kafedrasi dosenti va oromgoh direktori Ra’no Qosimova. – Bu yer asosan, biologiya, geografiya va ekologiya fakulteti talabalari amaliyot o‘tash uchun mo‘ljallangan bo‘lib, umumiy maydoni 3 gektarni tashkil etadi. Oromgohimizda 10 mingga yaqin o‘simlik bo‘lib, shundan o‘rik, gilos, behi, olcha, shaftoli, asalat, jiyda, tut, uzum, olma, yong‘oq kabi uch mingga yaqin mevali daraxt mavjud. 2022-yil davomida jami mingga yaqin ko‘chat o‘tqazish mo’ljallangan.

Behruz Shamsiddinov

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi,

Shavkat Akramov olgan suratlar.