Rossiyalik akademik
Samarqand davlat universiteti talabalariga dars o‘tmoqda...
Samarqand davlat universiteti bugungi kunda dunyoning 160 dan ortiq yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik qilib kelmoqda.
Moskva davlat universiteti professori, Rossiya Fanlar Akademiyasi magnetizm Kengashi aʼzosi Boris Granovskiyning universitetimiz talabalariga dars berishi ham mana shu aloqalarning bir namunasidir.
Boris Granovskiy bugungi kunga qadar Yaponiyaning Oyoxoshi, Ispaniyaning Baskov kabi bir qator universitetlarida maʼruza o‘qigan.
Bugun u Samarqand davlat universiteti doktorantlari, magistrlari va bitiruvchi kurs talabalariga “Metallarda elektronlarning energetik sathlar bo‘yicha joylashishi” mavzusida dars o‘tdi.
- Samarqand davlat universiteti bugun xalqaro miqyosda eʼtirof etilayotgan oliy taʼlim maskanidir, - deydi Rossiya Fanlar Akademiyasi aʼzosi Boris Granovskiy. - Bizning ushbu universitet bilan hamkorligimiz ancha yillardan beri davom etib kelmoqda. Men SamDU ga oxirgi marta bundan 10 yil oldin kelgan edim. Hozir, ochig‘i men universitetingizda adashib qolyapman. O‘zgarishlar juda katta. Hattoki bizda yo‘q ayrim texnikalarni sizda ko‘ryapman. O‘ylaymanki, hamkorligimiz ikki taraflama manfaatli bo‘ladi.
- Universitetimizda xorijlik professor-o‘qituvchilar sonining oshishi bu talabalarimizning yangi ilm marralarini egallashiga katta imkoniyatdir,- deydi Samarqand davlat universiteteti umumiy fizika kafedrasi professori Obloqul Quvondiqov. – Moskva davlat universitetining magnetizm kafedrasi bilan hamkorlik aloqalarimiz yangi bosqichga chiqmoqda. Boris Granovskiy faoliyati davomida ko‘plab Yevropa davlatlarida bo‘lgan va o‘z sohasi bo‘yicha ilmiy tadqiqot faoliyati olib borgan. Endilikda u bizning talabalarimizga ham ilmiy rahbar, maslahatchi bo‘ladi. Biz hamkorlikda yangi ilmiy izlanishlar olib bormoqchimiz.




Otabek Saʼdullayev,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.
Shavkat Akramov olgan suratlar.

