“Tilshunoslik nazariyasi” nomli darslik chop etilganidan xabaringiz bormi?

    Samarqand davlat universiteti bitiruvchisi, Samarqand davlat chet tillari instituti o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi professori, filologiya fanlari nomzodi  Abdurayim Turobovning “Tilshunoslik nazariyasi” nomli darsligi nashrdan chiqdi.

    Darslik bakalavriat bosqichi 1-kurs talabalariga mo‘ljallangan bo‘lib, undan tilshunoslik nazariyasi fani, tilning ijtimoiy tabiati, til va tafakkur masalalari, til taraqqiyoti, taniqli tilshunos olimlarimizning dunyo tillari bo‘yicha fikr va qarashlari borasida ilmiy-nazariy tahlillar o‘rin olgan.

    Ushbu darslik “Tilshunoslik nazariyasi fanining maqsadi, vazifalari”, “Tilning ijtimoiy tabiati”, “Til va tafakkur”, “Til va nutq munosabati”, “Til – ramzlar tizimi”, “Tillarning shakllanishi va taraqqiy qilishi”, “Dunyo tillari va ularning tasnifi” kabi mavzulardan iborat.   Talabalarning mustaqil bilimini oshirish va mustahkamlash uchun mavzular yuzasidan testlar tuzilgan. Har bir yangi mavzu bo‘yicha qo‘yilgan nazariy masalalar reja, tayanch so‘z va iboralar asosida yoritilgan. Shuningdek, darslikning yakuniy qismida tilshunoslik terminlarining uch til: o‘zbek, rus va ingliz tillaridagi lug‘ati berilgan.

    - Tilshunoslik tarixi tilning jamiyatdagi o‘rni, tilning paydo bo‘lishi va taraqqiyoti haqidagi turli xil qarashlarni, nazariyani tekshiradi, -deydi professor Abdurayim Turobov. – Tilshunoslik nazariyasi ko‘proq umumiy tilshunoslikka asoslangani uchun ayrim bir til haqidagi nazariyalar haqida to‘xtalmasdan, balki umumiy tilshunoslik hajmidagi nazariyalarni o‘rganadi. Talabalarning tilshunoslik nazariyalarni o‘zlashtirishi oson bo‘lishi uchun ayrim o‘rinlarda tilshunoslik nazariyasini jahon tillari grammatik tipologiyasiga solishtirishga harakat qildim. Jahon tillarining fonetik, morfologik, sintaktik tizimidagi ayrim grammatik hodisalar barcha tilda ham mavjud. Lekin bu hodisalarning ifodalanishi, maʼnosi va boshqa xususiyatlari bilan o‘ziga xos jihatlarga ega.

    Mazkur darslik ko‘p yillar davomida  o‘qilgan maʼruzalar, kuzatilgan, o‘rganilgan, qo‘llanilgan tajribalardan kelib chiqib yaratilgan. Darslikda materiallar o‘ziga xos tarzda uzviy bog‘liqlikda va ketma-ketlikda berilgan.

    Shu kunga qadar muallifning o‘zbek tili, tilshunoslikka kirish, til nazariyasi, umumiy tilshunoslik, nutq madaniyati fanlari bo‘yicha 100 dan ortiq ilmiy ishlari, shu jumladan: 4  o‘quv-uslubiy qo‘llanma, 2  lug‘at va 3  monografiyasi nashr etilgan.

Iroda BEKMURODOVA,

Samarqand davlat universiteti

filologiya fakulteti talabasi,

Alisher Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi sohibi.