Bahor keldi

“Bahor... Yonoqlarni mayin shabada silaydi. Daraxtlarning yosh surxlari qiyg‘os gullar ichida - oq zarga botirib olinganday... Huv anavi do‘nglikdagi maysazorga bir qo‘y bilan echki bog‘lab qo‘yilibdi. Echkining ikki uloqchasi dikir-dikir sakraydi. Qo‘yning ham qo‘zichasi bor. Uloqchalar bilan yayrab, yugurishib yuribdi. Shunchayam do‘mboqki... Sakrashganini, yayrashganini ko‘rib, ular bilan birga o‘ynagisi keladi kishining...” (Tohir Malik)
Mashhur hofizning “Bahor ham keladi, bahor aldamas” deya xonishi dillarni yayratish bilan birga o‘yga soladi. Keyingi vaqtlarda bahorimiz biroz shashqaloqdek tuyuladi. Ajdodlarimizdan meros bo‘lib qolgan “Chilla”, “To‘qson”, “Ajuz-majuz”, “O‘rda yot, qirda yot” singari o‘ziga xos “kalendar”i bo‘lardi shularni ham inkor qilib bahorimiz jadal kirib kelmoqda, kuni kecha shahrimizda qiyg‘os gullagan o‘rikni ko‘rdim. Bir quvondim, bir “Hali erta emasmi” deya o‘yga toldim. Xalqimizning “Yaxshilikka bo‘lsin” degan qadrdon iborasi bor, elning duosi amalda bo‘ladi. Ezgu tilaklar hamma vaqt bor, lekin bahor faslidagi boshqacha, barchasi yaxshilikka bo‘lsin. Bahor muborak bo‘lsin qadrdonlar.
Muxtasam Sulaymonov
Samarqand davlat universiteti
Psixologiya va ijtimoiy munosabatlar fakulteti o‘qituvchisi