Vatan iftixorlari...
Samarqand davlat universitetida Prezident va davlat stipendiyalari sohiblari va ularning ilmiy rahbarlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Isteʼdodli yoshlarni va fidoyi domlalarni Samarqand davlat universiteti rektori, professor, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodov tabrikladi: Sizlar universitetimizning faxr-iftixorisiz. Minglab yoshlarning orasidan saralab olingan, Vatanning ertangi kun umidlarisiz. Sizga havas qiladiganlar soni yana-da ortishiga ishonaman. Aslida talaba uchun mazkur stipendiyalar eng oliy mukofot, eʼtirof hisoblanadi. Siz bundan-da faol, fidoyi bo‘lishingiz kerak. SamDU ning nomini nafaqat mamlakatimiz, balki jahon bo‘ylab dovruq qozonishiga o‘zingizni munosib hissangizni qo‘shing. Hayot aslida kurashdan, intilishdan, izlanishdan, harakatdan iborat. Ilm-fanning eng yuqori cho‘qqilarini zabt etishingizga ishonaman. Sizlarning orangizdan kelgusida dunyo tan olgan allomalar, Nobel mukofoti laureatlari, fan va jamoat arboblari yetishib chiqishi ishonaman. Samarqand davlat universitetining shon-shuhrati uchun butun kuch g‘ayratingizni safarbar eting. Yo‘lingiz yorug‘, iqbolingiz porloq bo‘lsin...
SamDU rektori iqtidorli talabalarning ilmiy rahbarlarini faxriy yorliq pul mukofot bilan taqdirladi. Stipendiantlarga Oliy va o‘rta-maxsus taʼlim vazirligining tegishli guvohnomalari taqdim etildi.
- SamDU talabalarining erishayotgan yutuqlari, biz professor-o‘qituvchilarga cheksiz mamnuniyat bag‘ishlaydi. Mening o‘quvchim, filologiya fakulteti 3-kurs talabasi Iroda Bekmurodova Alisher Navoiy nomli davlat stipendiyasiga sazovor bo‘ldi, - deydi o‘zbek tilshunosligi kafedrasi dotsenti Orziboni Yusupova. –Iroda isteʼdodli yozuvchi ham. Uning ilk ilmiy izlanishlari taniqli olimlar tomonidan ham eʼtirof etilgan. Men Iroda bilan faxrlanaman.
- 2019 yilda Samarqand davlat universiteti tarix fakultetiga imtiyoz asosida o‘qishga qabul qilindim, - deydi Alisher Navoiy nomli davlat stipendiyasi sohibi Mehroj Isayev. - Uch yil mobaynida 20 ga yaqin Xalqaro va Respublika jurnallarida ilmiy maqolalarim nashr etildi. Ilmiy rahbarim tarix fakulteti dekani, professor Dilfuza Jo‘raqulovaga alohida minnatdorlik bildirmoqchiman. Bu yutuqlarimda ustozimning xizmatlari katta. 2021 yil Munozara intellektual o‘yinida g‘olib bo‘ldim. Xuddi shu yili “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlandim…
Tadbirda mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Marifat maydoni” ko‘rik tanlovining hududiy bosqichida birinchi, Respublikada ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritganligi uchun filologiya fakultetining “Behbudiy izdoshlari” jamoasi pul mukofoti va tashakkurnoma bilan taqdirlandi.







Behruz Shamsiddinov
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi,
Shavkat Akramov olgan suratlar.

