Samarqand davlat universiteti kimyo fakulteti talabasi Sanjar Toshbekovning The pain of growth poems (Ulg‘ayish azobi) nomli she’riy to‘plami Hindistonning “Novateur Publication” va Germaniyaning “Globe edit” nashriyotida chop etildi. Bu kitoblarda shoirning 150 dan ortiq turli xil mavzulardagi she’rlari mavjud.

   - Yoshligimdan adabiyotga mehr qo‘yganman. Bo‘sh vaqtim bo‘lishi bilan kitob mutolaa qilishni, she’rlar yodlashni xush ko‘raman, - deydi Sanjar Toshbekov. – Ilk she’rimni 2017-yilda ukam xotirasiga bag‘ishlab yozganman. Bu she’rim adabiyotshunos olimlarga mamnun bo‘lib, e’tirof etilgan. 2018-yil Samarqand davlat universiteti kimyo fakultetiga o‘qishga kirdim. Ijod qilishda davom etdim. SamDU filologiya fakultetining “Shalola” yosh ijodkorlar to‘garagiga doimiy ravishda qatnashib, qalamimni charxladim. Ustozim filologiya fakulteti Istiqlol davri adabiyoti va adabiyot nazariyasi katta o‘qituvchisi Akrom Toshpo‘latov. Hozirgi kungacha 500 ga yaqin she’rlarning muallifiman. Shu bilan birgalikda, xalqaro “Farovon yurt” va O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi “Do‘rmon” ijodkorlar klubi a’zosiman. 2021-yilda o‘tkazilgan O‘zbekiston rivojlanish forumi nazm yo‘nalishida 3-o‘rinni egalladim.  Hozirgi kunda Sanjar Isomiy taxallusi ostida ijod qilib kelmoqdaman.

 

Behruz Shamsiddinov

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi,

Shavkat Akramov olgan suratlar.