Bugun eng go‘zal kunlardan biri
Qadri baland qadrliklarim, mana munavvar oppoq tong otdi, shu tongni qarshilash sizu-bizga nasib etdi, shukrlar bo‘lsin.
Keling, go‘zallashamiz. Bu oson. Ginalarni unutamiz. Arazlamaymiz. Tolibu ilmdan tortib ahli donishgacha bir-birimizga tabassum ila boqamiz, naqadar ijobiy qarash paydo bo‘lishini his qiling. Bugun uchratgan har bir insonga yaxshilik tilaymiz. Tog‘larda bo‘lgansiz-a? Unda aks sado berishini eshitganmisiz? Albatta eshitgansiz. Yaxshiliklar ham shunday bugungi moʻjaz yaxshiliklarimiz aks sado kabi o‘zimizga qaytadi. O‘zimizga qaytuvchi narsalar yaxshi bo‘lsin-a, azizim. Bag‘rikenglik millatimizning azaliy va milliy xususiyatlaridan biri, bunda hikmat ko‘p. Bag‘rikeng bo‘ling qavmimdagi insonlar.
Aslida esa SIZ Yaratganning eng go‘zal moʻjizasi-Hazrati Insonsiz! Sizga berilgan neʼmatlar boshqa mavjudotlarga berilmagan. SIZ so‘z va aql qudrati sohibisiz. Xalqimiz “Barakasini bersin” degan iborani ko‘p ishlatadi bu bejiz emas, umrimizning ham xayrli ishimizning ham barakasini bersin. Yostiqqa uxlash uchun bosh qo‘yaylik dardni yengish uchun emas. Siz yaxshi insonsiz. O‘zingizni munosib tuting.
Muxtasam Sulaymonov
Samarqand davlat universiteti
psixologiya va ijtimoiy munosabatlar fakulteti o‘qituvchisi

