Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti sport faoliyati va san’at fakultetida shoh va shoir, buyuk sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiga bag’ishlangan “Bobur san’atini tasvirlayman” nomli ko’rgazma bo’lib o’tdi. Tadbirni Samarqand badiiy ijodkorlar uyushmasining raisi Nuriddin Kalonov kirish so’z bilan ochdi. Barcha ishtirokchilarga omad tiladi. Tanlovda 60 ga yaqin talaba Bobur asarlariga illyustratsiyalar yaratishda miniatyura, naqsh, rang-tasvir uslublaridan foydalanib, o’z mahoratlarini namoyish etdi. Ikki bosqichli tanlovning  birinchi bosqichi guruhlar orasida saralangan bo’lsa, ikkinchisida esa fakultet miqiyosida g‘oliblar aniqlandi.

    - Yosh ijodkorlarni tarbiyalashda badiiy madaniyat, fikrlash tafakkurini kengaytirish muhim ahamiyat kasb etadi, - deydi san’atshunoslik kafedrasi o’qituvchisi Samandar Muranov. - Bunda Zahiriddin Muhammad Bobur o‘z hayot yo’li va ijodi bilan ideal qahramon bo’la oladi. Uning ijodini teran o’rganish, asarlaridagi tarbiyaviylik va pand nasihatlarni yoshlar ongiga singdirib borish tanlovimizning bosh maqsadidir.  

    - Bugun o’z iqtidorlarimizni namoyish qilish uchun yig’ildik. Men Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarida Samarqand tasvirini o‘zimning tasavvurimdan kelib chiqib qog’ozga tushiryapman, - deydi talaba Dilorom O‘rozboyeva. – Bunda asosan Mirzo Ulug’bek rasadxonasi, Imom-al Buxoriyning maqbarasini, qolaversa Boburning ijod qilayotgan holdagi kompozitsiyasi va o’sha davrdagi tarixiy obidalar moslashuvini yaratmoqchiman. Bu kabi tanlovlar bizning ijodimizda yanada ko’tarinki ruh bag’ishlaydi.

Behruz Shamsiddinov

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi,

Shavkat Akramov olgan suratlar