Samarqand davlat universiteti talabalari AQSH ilmiy adabiyotlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi

Samarqand davlat universiteti kutubxonasiga Amerikaning O‘zbekistondagi elchixonasi va “Fulbright Teaching Assistant” va “English Teaching Assistant”(ETA) dasturi koordinatori, amerikalik Kristofer Kouen tomonidan bir qator badiiy va o’quv adabiyotlari sovg’a qilindi. Shuningdek, mutaxassis tomonidan mazkur kitoblar taqdimoti o’tkazildi.
- Kitob taqdimotimiz juda muvaffaqiyatli o‘tdi, - deydi Kristofer Kouen. - Samarqand davlat universiteti talabalarining bilim olishga va chet tillarini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi menda ijobiy taassurot qoldirdi. Kitob taqdimotimiz jarayonida professor-o‘qituvchilar va talabalarga AQSH ning almashinuv dasturlari haqida batafsil ma’lumot berdik. Bu yoshlar uchun yana bir ruhlantirish bo‘ladi, degan umiddaman.
- Seminar biz uchun juda ham foydali bo’ldi, - deydi SamDU xalqaro ta’lim dasturlari fakulteti 1-kurs talabasi Bobur Xayrullayev. – Amerikalik o‘qituvchimiz Kristofer Kouen tomonidan ajoyib ilmiy va badiiy kitoblar taqdimoti o‘tkazildi. Men ushbu kitoblardan ingliz tilini mukammal o‘rganishda foydalanmoqchiman. O‘qituvchimiz bizga AQSHda o’qishni davom ettirish uchun zarur yo‘nalishlar haqida ma’lumot berdi. Men bu imkoniyatlardan unumli foydalanishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘ydim.
Behruz Shamsiddinov,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.