Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti genetika va biotexnologiya kafedrasining o’nga yaqin tadqiqotchilari ayni paytda O‘zRFA Mikrobiologiya institutida. Yosh olimlar jamoasi “Janubiy-g‘arbiy O‘zbekistonning cho‘l hududlarida keng tarqalgan ayrim galofit o‘simliklarning ekstremofil endofit mikroorganizmlari va ularning biotexnologik potensialini aniqlash” mavzusida ilmiy izlanishlar olib bormoqda.  

    Samarqand davlat universiteti genetika va biotexnologiya kafedrasi va institutimiz hamkorligi 2016-yildan boshlab davom etib kelmoqda, - deydi Mikrobiologiya instituti direktori, professor Qahramon Davranov. – Ushbu hamkorlik birgalikda ilmiy loyihalarni amalga oshirish, SamDU magistrlari va tadqiqotchilarining stajirovkalarini tashkil etish hamda ilmiy darajali pedagogik kadrlar tayyorlashga asoslangan. 2022-yil 13-yanvardagi PQ-82-sonli qarorida belgilangan vazifalar ijrosi mazkur kafedra va institutimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishni taminlaydi. Kelajakda kafedra olimlari bilan hamkorlikda Scopus bazasidagi jurnallarda ilmiy maqolalar chop etish, respublika va xalqaro grant loyihalarida ishtirok etish rejalashtirilgan.

    Bugungi kunda genetika va biotexnologiya kafedrasining bir qator olimlari va tadqiqotchilari tomonidan o‘simliklar mikroorganizmlari faoliyati va komponentlariga asoslangan texnologiyalar ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari amaliyotiga keng joriy etish borasida tadqiqotlar olib borilmoqda, - deydi doktorant Begali Alikulov. – Ushbu mavzu bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlik kafedra va institut ilmiy laboratoriyalarida o‘tkazilmoqda. Ushbu tadqiqotlar natijasida galofit o‘simliklardan qishloq xo‘jaligi va sanoat tarmoqlari uchun selektiv o‘simlik mikroorganizmlari kulturalari ajratiladi. Shuningdek, mikrobiologik tavsiflanadi, ajratilgan izolyatlar molekulyar-genetik tahlil qilinadi. O‘simlik mikroorganizmlarining fiziologo-biokimyoviy xususiyatlari baholanadi. Tadqiq qilingan shtammlarning madaniy o‘simliklarning o‘sishini kuchaytiruvchanlik va bionazoratlik xususiyatlari o‘rganiladi va olingan ilmiy natijalar asosida samarali biotexnologiyalar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etiladi. 

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati