O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida navoiyshunos olim, akademik Abdulla Aʼzamning “Abrorlar hayrati” kitobi taqdimoti o‘tkazildi. Unda yozuvchi-shoirlar, uyushma vakillari, adabiyot ixlosmandlari, yosh ijodkorlar asarning mazmun-mohiyatidan xabardor bo‘ldi.

     Taqdimotda O‘zbekiston xalq shoirlari Sirojiddin Sayyid, Usmon Azim, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev Abdulla Aʼzamning nafaqat matematika olamida, balki navoiyshunoslikda ham hech bir olimdan qolishmasligi haqida so‘z yuritdi. Kitob hajm jihatdan u qadar katta bo‘lmasa-da, juda ko‘p izlanishlarning natijasi ekani ko‘rinib turibdi. Unga jam bo‘lgan qiziqarli va mohiyatan chuqur maʼlumotlar esa dunyolarga tengligi aytib o‘tildi. Olimning g‘azalni, aruzni yaxshi tushunishi esa alohida eʼtirof etildi.

    – Ushbu kitob Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” dostoniga bag‘ishlangan, – deydi professor Abdusalom Umarov. – Muallif bir necha yildan buyon shoir asarlarini tadqiqot qilib kelmoqda. Bu asari orqali olim o‘zining faylasuf sifatidagi isteʼdodini ochib berishga harakat qilgan va bunga erishgan ham.

     Mazkur asarda muallifning ilmga, so‘z sanʼatiga masʼuliyat bilan yondashganiga guvoh bo‘lasiz. Kitobni o‘qir ekansiz, uning uzoq yillar davomidagi ilmiy izlanishlari, navoiyshunoslik olamidagi kashfiyotlariga duch kelasiz. Unda Navoiyning ijodiy olami, ko‘plab tarixiy voqealar mazmuni chuqur ochib berilgan. Asar shoir g‘azallari tahlilini va boshqa hodisalar tafsilotlarini o‘zida jamlagan. Eng muhimi kitobda ilgari surilgan g‘oya inson ko‘nglidagi tuyg‘ularni yana-da baland nuqtalarga ko‘taradi. Taqdimotda so‘zga chiqqan adabiyotshunoslar asarning ana shu jihatlariga ham eʼtibor qaratishdi.

Zulayho Ahmadjonova,

jurnalist