Samarqand davlat universitetida Yapon tili va madaniyati markazi ochildi…

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida Yapon tili va madaniyati markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda universitetning professor-o‘qituvchilari, O‘zbekistoning Yaponiyadagi elchixonasi vakillari ZOOM platformasi orqali ishtirok etdi. Shuningdek, Nagoya universitetining O‘zbekistondagi mutassadilari qatnashdilar. Markazning asosiy vazifasi Samarqand davlat universiteti va Yaponiya oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikni mustahkamlash, talabalarga yapon madaniyati va tilini o‘rgatishdan iborat.
Professor-o‘qituvchilar almashinuv dasturi asosida talabalarimizga yapon tilini o‘rgatish uchun Yaponiyaning Soka universitetidan malakali o‘qituvchi Nozomi Kusaka tashrif buyurgan, - deydi ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi mudiri, dotsent Feruza Rashidova. Xorijiy til va adabiyot (ingliz tili) taʼlim yo‘nalishida tahsil olayotgan 200 ga yaqin talabalarimizga ikkinchi til sifatida yapon tili o‘rgatilmoqda. Bu talabalar xohishiga qarab Yaponiyaga borib o‘qishlarini davom ettirishlari mumkin. Qolaversa, dastur asosida professor-o‘qituvchilarimizni Soka va Nagoya universitetlariga yuborish ham rejalashtirilgan.
- Samarqand davlat universiteti men uchun qadrli. Bundan ikki yil oldin ham kelib, bu yerdagi sharoitlar bilan tanishganman, - deydi Nozomi Kusaka. – Bu yerdagi talabalarning ilmga chanqoqligi meni hayratda qoldiradi. Hozirda tashkil etilgan yapon tili va madaniyati markazimizda nafaqat Samarqand davlat universiteti talabalari, balki viloyatdagi boshqa oliy taʼlim muasassalari yoshlari ham kelib bilim olishlari mumkin. Bundan tashqari yapon mamlakatining urf-odati, madaniyati, tarixi haqidagi tasavvurga ega bo‘ladilar. Soka universiteti har doim o‘zbek milliy madaniyati, adabiyotiga alohida eʼtibor qaratadi. O‘tgan yili Soka universitetida Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi keng nishonladi.
Behruz Shamsiddinov
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi,
Shavkat Akramov olgan suratlar.