Tuproqning ekologik holatini yaxshilash hosildorlikning yanada ortishi uchun xizmat qiladi
Samarqand davlat universiteti geografiya va ekologiya fakulteti doktoranti Matluba Elmurodova “Organik o‘g‘itlar va rezokom-1 preparati uyg‘unlashuvining g‘o‘za agrosenoziga ta’sirini ekologik baholash (Qashqadaryo viloyati tipik bo‘z tuproqlari misolida) mavzusida ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda. Ilmiy rahbari professor Nurali Xolmonov.
Mavzuga oid ilmiy maqolalari Rossiya, Hindiston, Germaniya kabi davlatlarning nufuzli jurnallarida nashr etilgan.
Bugungi kunga kelib, sug‘oriladigan yerlarda almashlab ekish tizimiga amal qilmaslik, doimiy ravishda tartibsiz holda foydalanish oqibatida tuproqning ekologik holati izdan chiqqan.
Natijada yerlardagi hosildorlik miqdori kamayib bormoqda. Ushbu yerlarning ekologik holatini yaxshilash, shuningdek, g‘o‘za ekinini mahsuldorligini oshirish bugungi kunning dolzarb muammosiga aylanib ulgurdi. Shu maqsadda, tadqiqotchimiz Qashqadaryo viloyatida tipik bo‘z tuproqlari holatini yaxshilash chora-tadbirlarini ishlab chiqish yuzasidan o’zining dastlabki ishlarini boshlab yuborgan. Bu borada Matluba Elmurodova organik o‘g‘itlar va rezokom-1 preparatini uyg‘unlikda qo‘llash orqali g‘o‘za agrosenozi mahsuldorligi va tuproq unumdorligining ekologik holatini yaxshilashga erishgan.
- Organik o‘g‘itlarni qancha miqdorda va qanday usulda berishimizdan qat’iy nazar, ular tuproqning biologik xususiyatlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, - deydi tadqiqotchi Matluba Elmurodova. - Ularni rezokom-1 bakterial preparati bilan uyg‘unlikda qo‘llaganimizda tuproqning haydov qatlamida mikroorganizmlar soni nazorat variantiga nisbatan mavsum o‘rtasida 4-5 martagacha oshadi. Bu esa o‘z navbatida tuproq unumdorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, g‘o‘zaning hosildorligini gektariga 0.43-0.68 tonnaga oshirishga xizmat qiladi.
Behruz Shamsiddinov
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi,
Shavkat Akramov olgan suratlar.

