Nima uchun molekulalarning ta’sir darajasini o‘rganish fan uchun doim dolzarb? Uning tibbiyot, farmatsevtika, ishlab chiqarish va oziq-ovqat sanoatiga qanday bog‘liqligi bor?
Samarqand davlat universiteti optika kafedrasi doktoranti O‘tkirjon Xoliqulov “Vodorod bog‘lanishli molekulyar komplekslarning kombinatsion sochilish spektrlari” mavzusida ilmiy izlanish olib bormoqda.
Tibbiyot, farmatsevtika, ishlab chiqarish va oziq-ovqat sanoatida moddaning xususiyatlarini bilish muhim hisoblanadi. Uning fizik va kimyoviy imkoniyatlari esa tarkibidagi molekulalararo o‘zaro ta’sirlar tabiatiga bog‘liq. Ushbu ta’sirlar ichida vodorod bog‘lanish muhim rol o‘ynaydi. Mazkur bog’lanishning spektral namoyon bo‘lishi hali to‘lig‘icha o‘rganilmagan va hozirgi kunga qadar dolzarb masalalardan biri bo‘lib kelmoqda.
- Dunyo olimlari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, molekulalarning ta’sir darajasini o‘rganish fanning zaruriy shartidir, - deydi tadqiqotchi O‘tkirjon Xoliqulov. - Chunki molekulalar murakkab biologik komplekslar, turli oqsillar va tirik organizmlarning ishlashiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatish xususiyatiga ega. Bu jarayonda molekulalarning ichki tuzilishi, undagi bo‘ladigan jarayonlarni tadqiq etish uning imkoniyatlarini aniqlashga yordam beradi. Biz esa uni xususiyatiga qarab, qaysi sohada qo‘llash joizligini aniqlab beramiz. Ilmiy ishim bu jarayonlar ichida eng muhim bo‘lgan vodorod bog‘lanishli molekulalar bilan bog‘liqligi menga katta mas’uliyat yuklaydi. U suvdan tortib, DNK gacha bo‘lgan ko‘plab oddiy va murakkab molekulalarning tuzilishini boshqaradi. Shuningdek, mazkur vodorod bog‘lanish zamonaviy fizikaning eng murakkab muammolarini hal qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Hozirda, u biologik suyuqliklar va kristallardagi vodorod bog‘lanishli molekulyar komplekslarning tuzilishini o‘rganmoqda. Bunda ularning hosil bo‘lish mexanizmi bilan bog‘liq fundamental va amaliy masalalarni hal qilish, ularning kombinatsion sochilish spektrlarida namoyon bo‘lishidagi qonuniyatlar ham muhim rol o‘ynaydi.
Shuningdek, tadqiqotchimiz ingliz tilida erkin so‘zlasha oladi. 4 o‘quv qo‘llanmalarning hammuallifi.
Bugungi kunga qadar O‘tkirjon Xoliqulovning professor Abduvohid Jumaboyev ilmiy rahbarligida xorijiy mamlakatlarda 10 ga yaqin, respublika miqyosida 15 dan ortiq tezislar, shuningdek, xorijda 3 ta ilmiy maqolasi chop etilib, ilm ahli va jamoatchilikning e’tibor markazida bo‘lib kelmoqda…
Otabek Sa’dullayev,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan surat.

