Sening zamondoshing, tengdoshing, kursdoshing...
Samarqand davlat universiteti sport faoliyati va sanʼat fakulteti talabasi Sitora Turdibekova, 2019-yildan boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi aʼzosi. Jahon va Osiyo chempionatlari sovrindori. Uch karra O‘zbekiston chempioni.
- Boks bilan o‘n uch yoshimdan shug‘ullanaman. Bunga otam sababchi bo‘lgan. Olti yildan buyon Sharif Narziqulov murabbiyligi ostida mashg‘ulot olib boraman, - deydi Sitora Turdibekova. - Bugunga qadar bir qator natijalarga erishdim. Qozog‘istonda oltin medal, Belorusda 3-o‘rin, Polshada Jahon chempionatida 3-o‘rin, Birlashgan Arab Amirliklarida Osiyo chempionatida 1-o‘rin va kuni kecha Toshkentdagi Osiyo chempionatida 3-o‘rinni qo‘lga kiritdim.
2020-yili Samarqand davlat universiteti sport faoliyati va sanʼat fakultetiga o‘qishga kirdim. Men may oyida bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatida va Parij-2024 olimpiada o‘yinlarida ishtirok etib, yurtimiz sharafini himoya qilmoqchiman…
- To‘rt nafar qizim bor. Sitoraxon uchinchisi, - deydi Shavkat Qorabekov. – Men o‘zim kurashchiman. Chempion bo‘lish orzuim edi, bu niyatimni qizim Sitoraxon amalga oshirdi. Qo‘lidan yetaklab boks zaliga olib borganim kechagidek xotiramda. To‘g‘ri, boshida ko‘nikishi qiyin bo‘ldi. Tinmay mehnat qildi. Baʼzan uyda birgalikda kamchiliklari ustida shug‘ullanamiz. Har safar janglarini kuzatib boraman butun vujudimni iztirob va hayajon qamrab oladi. Baʼzida zarbalar o‘tkazib yuboradi. 2020-yilda Istanbulda xalqaro turnerga tayyorgarlik paytida qo‘lidan qattiq jarohat oldi, deyarli bir oy davolandi. Juda xafa bo‘ldim. Vaqt o‘tgan sayin hammasi iziga tushib ketdi. Sitoraxon Dubaydagi Osiyo chempionatida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritganida Prezidentimiz farmoni bilan “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. O‘shanda onasi bilan xursandchiligimiz ichimizga sig‘may ketgandi. Kelgusida Jahon va Olimpiada o‘yinlarida g‘alaba qozonishiga ishonaman.









Behruz Shamsiddinov
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi

