Samarqand davlat universiteti va AQSH ning Vayoming universiteti hamkorlik aloqalari o‘rnatildi

         Samarqand davlat universitetiga Amerika Qo‘shma Shtatlarining Vayoming universiteti Global hamkorlik bo‘yicha prorektori Aysedor Xelfgott boshchiligidagi olimlar tashrif buyurdi.

         Samarqand davlat universiteti rektori, Oliy Majlis Senati aʼzosi, professor Rustam Xolmurodov  mehmonlar bilan muloqotda ikki tomonlama hamkorlik o‘rnatish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, akademik aloqalarni yaxshilash, birgalikda ilmiy tadqiqotlar olib borish yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdi...

         Aysedor Xelfgott, Vayoming universiteti global hamkorlik bo‘yicha prorektori:

         - Samarqand davlat universiteti bilan hamkorlik ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lishiga ishonaman. SamDU rektori Rustam Xolmurodov amaliy ishlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tishni taklif etdi. Qaysi mutaxassislar tayyorlashda bizning ko‘magimiz kerakligini alohida taʼkidladi. O‘qish va o‘qitishda talab va istaklarni o‘rganishimiz kerakligini bildirdi. Bugungi uchrashuvda  universitetlarimiz o‘rtasida kadrlar almashinuvini yo‘lga qo‘yishga alohida ahamiyat qaratdik. Xususan, hamkorlikdagi ilmiy tadqiqotlarga eʼtibor berish, ularni amalda qo‘llash, iqlim o‘zgarishi muammolarini birgalikda bartaraf etish borasida fikr almashdik.          Samarqand juda qadimiy va afsonaviy shaharlardan biri. Samarqand shahriga qiziqish menda bolaligimdan paydo bo‘lgan. Otamning o‘zbek tiliga qiziqishi katta edi. Bir yil o‘zbek tilini o‘rgatish kursiga qatnagan. Ayniqsa, u Samarqandni yaxshi ko‘rardi. O‘zbekistonga kelganimni eshitganida juda xursand  bo‘lardi.

         - Iqlim va suv  muammolari bo‘yicha global masalalar talaygina, - deydi Vayoming universiteti professori Jon Koprovskiy. - Samarqand davlat universitetida ham mazkur yo‘nalish dolzarb va muhim sanalishi meni juda qiziqtirib qo‘ydi. Xususan, bu sohaning o‘rganilishi kelajagimiz uchun zarur. Uning asosiy yechimi ilmiy asoslangan tajribalarga tayaniladi. Shu bois, Samarqand davlat universiteti bilan hamkorlik qilish ikki tomonlama manfaatli bo‘ladi, deb o‘ylayman.

         Shuningdek, ikki universitet o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolanib, kelgusidagi istiqbolli loyihalar yuzasidan fikr  almashildi.

Otabek Saʼdullayev,

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.