Savol:

    Barcha do‘stlarimning sevimli mashg‘ulotlari va maqsadlari ko‘p, lekin menda hech narsa yo‘q.  Umuman olganda, men nimani xohlayotganimni qanday tushunishim mumkin?

    Anonim

Javob:

    Kelajagi uchun befarq bo‘lmagan, orzu umidlari bo‘lgan inson borki, albatta o‘z oldiga maqsadlar qo‘yadi.  Maqsadsiz inson xuddiki cho‘lda ketayotgan yo‘lovchiga o‘xshaydi. Qayerga borishi, qayerdaligi ham noma’lum insondir. Hissiyotga berilmang, turli orzular qilish yaxshi ammo orzu uchun harakat qilish lozim.  Do‘stlaringiz, atrofingizdagi insonlarning muvaffaqiyatlarini ko‘rib ichingizda “men ham qachondir shunday natijalarga erisha olarmikanman” degan fikrlar aylanadi gohida.  Nega? Nima uchun siz emas? Nega ular maqsadlar qo‘yishadi, harakat qilishadi,  maqsadlariga erishishadi? Ularning sizdan ustun tomoni bormi?  Hammasi o‘ziga ishonchda!  O‘zingizga ishoning, inson qachon o‘ziga ishonadi.  Qachonki, o‘z ustida ishlasa, dunyoqarashini kengaytirsa, bilimli bo‘lsa, insonda o‘ziga nisbatan hurmat va ishonch paydo bo‘ladi.  Hozir rivojlanib borayotgan zamonda “Olma pish, og‘zimga tush” deb yashash yaramaydi.  Hech kim siz uchun nimanidir bajarib bermaydi, hammasini o‘zingiz bajarishingiz, harakat qilishingiz lozim.  O‘qing, o‘rganing va o‘z qiziqishlaringizni aniqlang!  Kunlik, haftalik, oylik, yillik rejalar tuzing. O‘z kelajagingiz uchun qayg‘uring.

 

Dildora Sulaymonova
Samarqand davlat universiteti
Psixologiya va ijtimoiy munosabatlar fakulteti o‘qituvchisi