Samarqand davlat universiteti xalqaro taʼlim dasturlari fakulteti tabiiy va aniq fanlar kafedrasi professori, hindistonlik olim Kristo Anant bilan ikki kunlik onlayn xalqaro vebinar bo‘lib o‘tdi. “Sunʼiy intellekt va mashinalarni o‘rganish” mavzusidagi ushbu xalqaro vebinarda o‘zbek va hind talabalari hamda professor o‘qituvchilar va tadqiqotchilar ishtirok etdi. Vebinarni tashkil qilishda Hindiston taʼlim vazirligi Fan bo‘limining malaka oshirish markazi (IQAS), Fan va boshqaruv kolleji hamkorlik qilishdi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarni zamonaviy ilm-fan texnika sohalarini keng targ‘ib qilish va yangi istiqboldagi texnologiyalar bilan tanishtirishdir. Shuningdek, sunʼiy tafakkur (ST), u bilan bog‘liq fan va ishlab chiqarish tarmoqlari, mashinali o‘qitish, IoT (buyumlar interneti) texnologiyasiga doir maʼlumotlar berildi.

    - Ushbu vebinar o‘zbek va hind talabalari hamda barcha ishtirokchilar uchun katta qiziqish uyg‘otdi, - deydi tabiiy va aniq fanlar kafedrasi mudiri, professor Akmal Axatov.  - Ayniqsa, axborot texnologiyalari, sunʼiy tafakkur bo‘yicha istiqbolli ilmiy loyihalar, robototexnika va elektronika sohalaridagi maʼruzalar ularning eʼtirofiga sazovor bo‘ldi. Vebinar professor-o‘qituvchilarning xalqaro hamkorlik bo‘yicha tajribalarni oshirish va jahon ilmiy hamjamiyatini universitet faoliyati bilan tanishtirish hamda oliygoh reytingini oshirishga asos bo‘ladi.

    - Samarqand davlat universiteti men faoliyati yuritgan oliygohlar ichida eng qadimiy va nufuzli oliy o‘quv yurtidir, - deydi professor Kristo Anant. – O‘zbekiston va Hindiston taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Suniy tafakkur va mashinali o‘qitish” mavzusidagi xalqaro vebinarda buyumlar interneti, zamonaviy matematika tatbiqlari, bioinjeneriya kabi sohalar yuzasidan batafsil maʼlumotlar berildi. Ushbu sohalarga o‘zbekistonlik yosh tadqiqotchilar katta qiziqish bildirayotgani tahsinga sazavor. Shu o‘rinda Samarqand davlat universiteti faoliyati muntazam takomillashib borishini alohida taʼkidlab o‘tishim joiz. Ayniqsa, xalqaro eʼtirof etilgan reyting tashkilotlarining birinchi 1000 talik ro‘yxatiga kiritish uchun maʼsul bo‘lgan Transformatsiya ofisi tashkil etilganligi eʼtiborimni jalb qildi. Taranformatsiya ofisi orqali universitetning xalqaro nufuzi va ilmiy salohiyatini yana-da oshishiga ishonaman. Bu bo‘yicha bo‘ladigan har qanday yangiliklarni qo‘llab-quvvatlayman.

Behruz Shamsiddinov
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi,
Shavkat Akramov olgan suratlar