Yer po‘stidagi yoriqlar, kanallar orqali lava, issiq gaz, suv bug‘lari va jins bo‘laklarini chiqarib turadigan geologik tuzilmaga vulqon deyiladi.

    Sayyoramizning 50 dan 350 km.gacha yetadigan chuqurliklarida suyuq modda - magma hosil bo‘ladi. Yer po‘stining yoriq zonalari bo‘ylab magma ko‘tarilib chiqib, Yer yuzasiga lava shaklida quyiladi.

    Vulqonlar uch turkumga: maydonli, yoriqli va markaziy vulqonlarga ajratiladi.

    Maydonli turkumidagi vulqonlar. Hozirgi vaqtda bunday vulqonlar uchramaydi yoki ular mavjud emas. Bunday vulqonlar yer po‘sti, hali unchalik qalin bo‘lmagan vaqtlarida vujudga kelgan. Maydonli vulqonlar arxey va proterozoy yeralarida yerning protopusti rivojlanishida katta ahamiyatga ega bo‘lgan.

    Darzlik turkumidagi vulqonlari. Ular Yer yuzasiga yirik yer yoriqlari bo‘ylab otilib chiqib. Vulqon apparati ochilib qolgan yoriq shaklida bo‘ladi. Darzliklardan chiqadigan asosiy magma - bazalt mahsulotlari suyuq bo‘lib, Yer betiga bir tekisda uyilib, bora - bora qalqonsimon shaklni oladi.

    Hozirgi vaqtda darzlik vulkanizmi Islandiyada (Laki vulqoni), Kamchatkada (Tolbachi vulqoni), Yangi Zelendiyaning Bipa orolida rivojlangan.

    Markaziy turkumdagi vulqonlar. Bu effuziv magmatizmning eng keng tarqalgan turkumidir. Markaziy vulqonlar doimo bir kanaldan otilib turadi. Ular konus shaklida, yonbag‘ri 30-400 li qiyalikka ega bo‘ladi. Markaziy vulqon kraterlarining diametri ko‘pincha 500 - 2000 metr bo‘lib, ba’zan 25 - 75 km.gacha (Afrikada), chuqurligi esa bir necha 100 metrga boradi. Hozirgi vaqtda Yer sharida rivojlangan, harakatdagi va so‘ngan vulqonlarning ko‘pchiligi markaziy turkumdagi vulqonlardir.            

    Vulqon mahsulotlari. Vulqonning qattiq mahsulotlari - chaqiq jinslari qattiq mahsulotlarni tashkil etadi.  Chaqiq jinslarga; shisha zarrachalari – tuffitlar, mayda qumlar (tuf- qumtosh), yong‘oqdek keladigan shag‘al va lapillalar - vulqon brekchiyasi, vulqon shag‘allari  - vulqon konglomerati, vulqon bombalari kabi jinslar kiradi.

    Suyuq vulqon mahsulotlariga - turli tarkibli lavalar kiradi. Lavaning kimyoviy tarkibi asosan kremnezem, alyuminiy, temir, kalsiy, magniy, natriy, kaliy oksididan iborat.

    Lavalarning kimyoviy tarkibiga asoslangan holda Gavay, Stromboli, Vezuviy, Mon-Pele, Krakatau va boshqa xil vulqonlar ajratilgan. Gavay orollaridagi Mauna-Loa va Kilauea vulqonlar tipik qalsonsimon vulqonlardir. Ular sekin otiladilar, halokatli darajada portlashlar ro‘y bermaydi, vulqon yon bag‘rilarining oqish burchagi 5° dan oshmaydi, lavalari tarkibida gazlar miqdori uncha ko‘p bo‘lmay, portlagandan so‘ng bazaltli jinslar vujudga keladi. Mauna-Loa vulqoni dengiz yuzasidan 4168 metr balandlikda joylashgan bo‘lib, Tinch okeanning 5000 metr chuqurligidan ko‘tarilgan. Demak, bu vulqonning umumiy balandligi 9168 metr. Mauna-Loa vulqoni 1832-yilda paydo bo‘lgan va taxminan 40 marotaba uyg‘onib harakatga kelgan.

    Stromboli vulqoni «yovvosh» vulqonlar xiliga kirsa ham uning ichidan «snaryadlar» kabi otilib chiqan lavalar 1000, 2000 va hatto 3000 metr keladigan balandliklargacha ko‘tarilganligi ma’lum. Oddiy portlashlar yuz berganda esa vulqon massalarining balandliklari 200—300 metrdan oshmaydi. Shuning uchun ham otilib chiqadan massalar vulqon krateri atrofida katta maydonni egallagan amfiteatrlarni vujudga keltiradi.

    Malayya arxipelagida 128 vulqon borligi ma’lum. Shulardan biri 1927-yilda paydo bulgan Anak Krakatau vulqonidir. Aslida bu vulqon 1883-yilda otilgan bo‘lib, shu vaqtgacha harakatda. Bu vulqonning balandligi 800 metr, uzunligi 9 km., kengligi 5 km., gaz va changsimon moddalari 11 km. balandlikkacha ko‘tarilib, portlash davrida esa 200 km. masofagacha eshitilgan.

    Vulqon otilishdan hosil bo‘lgan shakllar xilma-xildir. Masalan: Maar tipidagi vulqon kraterining atrofi tuf yoki vulqon kulidan iborat bo‘ladi. Vulqon kraterining diametri 250 metrdan 1 km.gacha bo‘lib, uning shakli voronkaga o‘xshash, krat yeri ko‘pincha suv bilan to‘lib ko‘l hosil bo‘ladi. Gaz va bug‘ning juda ko‘p to‘planib qolishi natijasida ba’zan juda kuchli portlash yuz berib, vulqon tepasida katta botiqlik-kalderalar vujudga kelishi mumkin. Ular aylana shaklda bo‘lib, chetlari tik, ichki devorlari vertikal bo‘lishi mumkin. Ularning o‘rtasida, keyin paydo bo‘lgan yosh konuslar bo‘lishi mumkin. Kalderalarning diametri 10-15 km.gacha va undan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin. Keyinchalik kalderalar katta ko‘lga aylanadi.

    Vulqonlarning geografik tarqalishi. Hozirgi vaqtda ma’lum bo‘lgan harakatdagi Vulqonlar  800 dan ortiqdir. 1974-yillarda okeanlarni tekshirishlar natijasida vulqonlarni quruqlik va okean ostida ma’lum bir yo‘nalishda joylashganligi aniqlandi. Ular asosan ikki yo‘nalishda bo‘lib, birinchisi Tinch okean halqasi deb ataladi, bu yerda ma’lum bo‘lgan barcha harakatdagi Vulqonlarning 60%  joylashgan. Tinch okeanning g‘arbidan Kamchatka yarim orolidan boshlangan bu vulqon halqasi Kuril orollari orqali janubi-g‘arbga davom etadi. Yaponiya, Fillipin, Yangi Gvineyadan o‘tib, Yangi Zellandiyagacha cho‘zilib boradi. Tinch okeanning sharqidan Amerika materigining janubidagi Olovli Yer orolidan shimol tomonga And, Kordilera tog‘larining yonidan o‘tadi va shimolda Aleut orollari va Alyaska orqali yana Kamchatka yarim oroliga tutashadi.

    Ikkinchi yirik vulqon halqasi yosh tog‘lar o‘lkasida joylashgan, ya’ni g‘arbda O‘rta dengizdagi Apennin yarim oroli orqali Kavkaz va Kichik Osiyoga o‘tib boradi va O‘rta Italiyadagi Vezuviy, Etna Vulqonlari, Lipari orollaridagi va Egey dengizidagi Vulqonlar  (Santorin) va Kavkaz tog‘laridagi supgan Elbrus, Kazbek, Ararat, Yerondagi Demavenit Vulqonlar  kiradi.

    O‘rta dengiz xalqasi sharqqa tomon davom etib, Tibet tog‘i, Hindikush tog‘ tizmalari orqali Malayya arxipelagiga borib tutashadi. Malayya arxipelagi va undan janubdagi harakatlanuvchi Vulqonlarga Sumatrada II ta, Yavada 15 ta, Kichik Zond orollarida 3 ta vulqon kiradi, ular Tinch okean halqasiga borib qo‘shiladi.

    Balchiqli vulqonlar.  Bizga ma’lum bo‘lgan vulqonlar  ichida balchiq vulqonlar  ham bor. Ularning mahsuloti suyuq balchiq aralash suv va gazdan iborat bo‘ladi. Balchiq vulqonlar  Sitsiliya, Yangi Zellandiya  orollarida, Markaziy Amerikada,  Apsheron Taman va Kerch yarim orollarida va boshqa yerlarda uchraydi. Balchiq vulqonlar yer qatlamlari ichidagi gaz va bug‘larning turli g‘ovak qatlamlardan o‘tib, ular orasidagi gilli jinslarni yumshatib, yopishqoq balchiqqa aylantirishi natijasida vujudga keladi.

    Vulqon bombasi - vulqondan plastik yoki suyuq holatda otilib chiqib, havoda uchib ketayotgan paytda turli ; shakllarda (noksimon, duksimon, tuxumsimon, sharsimon, lentasimon va h. k.) qotgan lava parchasi. Vulqon bombasi uzunligi bir necha sm.dan 5-7 metrgacha yetadi. Vulqon bombasi maydalanib vulqon qumlari yoki kukunlariga aylanadi. O‘zbekistonda Tomdi. Qurama, Chotqol tog‘larida paleozoy erasining silur, devon davridagi vulqon tog‘ jinslarida kattaligi 15 sm.dan 1,5 m.gacha vulqon bombalari uchraydi.

 

Jamshid Jo‘rayev
Samarqand davlat universiteti
geografiya va ekologiya fakulteti doktoranti