Eshqobil Shukur she’riyati misolida muallif so‘z ijodkorligining tahlili
Samarqand davlat universiteti o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi doktoranti Iroda Ernazarova. Hozirgi kunda “Muallif so‘z ijodkorligining lisoniy-kognitiv tahlili (Eshqobil Shukur ijodi misolida)” mavzusida ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqda. Ilmiy rahbari professor Ibodullo Mirzayev.
Tadqiqotchining 20 dan ortiq ilmiy maqolalari xalqaro jurnallarda chop etilgan. Xususan, Scopus bazasining indekslangan jurnallarida, Indoneziya, Amerika, Rossiya, Hindiston, Qozog’iston kabi davlatlarda tilshunoslikka doir ishlari nashr etilgan.
Haqiqiy ijodkor so‘z kashshofi sifatida o‘z ona tilining latofatini ko‘z-ko‘z qiladi. Shu bilan birga, uning imkoniyatlari kengayishiga o‘z hissasini qo‘shadi. So‘z ijodkorligi masalasini tilshunoslikning zamonaviy yo‘nalishlari asosida tahlil etish esa hozirgi zamon tilshunosligining muhim vazifasidir.
Ammo muallif so‘z ijodkorligining ko‘plab muhim masalalari o‘rganilmaganligi, uning badiiy nutq, xususan, she’riyatda qo‘llanilishi tamoyillarini aniqlash lozimligi, muallif neologizmlari tarkibiy-mazmuniy va so‘z yasalishi nuqtai nazaridan yetarli darajada tahlilga tortilmaganligi va bu masala o‘zbek tilshunosligida alohida monografik tadqiqot obyekti bo‘lmaganligi mavzuning dolzarbligini belgilaydi.
- O‘zbek tilining boy imkoniyatlarini o‘z ijodida aks ettirgan o‘ziga xos san’atkor Eshqobil Shukurning so‘z qo‘llash mahoratini o‘rganish tilshunosligimizda muhim ahamiyat kasb etadi, - deydi tadqiqotchi Iroda Ernazarova. - Eshqobil Shukur o‘zbek tili lug‘at tarkibi boyishi masalasiga jiddiy e’tibor qaratadigan, bu borada chuqur mulohaza yuritadigan va o‘z ijodida o‘zbek tilining keng imkoniyatlarini bor bo‘yicha ifodalashga harakat qiladigan ijodkordir. Ushbu jihatlar shoir ijodini o‘rganish uning mualliflik so‘zlarini chuqur ilmiy tadqiq etishni taqozo etadi. Eshqobil Shukurning so‘z qo‘llash san’ati olam haqidagi qarashlari ifodasi, uning tafakkur darajasi bilan bog‘lab o‘rganish dissertatsiya ishining dolzarbligini belgilaydi.
Oqarsuv bo‘yida, oqshom chog’ida,
Qari tol boshida oy porlagan payt.
Ozurda tuyg’ular qo‘nalgohida
Menga suv tilida sirlaringni ayt.
Ilkis tun sayriga shamol chaqirsa,
Shovqinli shaharni aylansang sekin.
Chor tarafda tinmay sevinch baqirsa,
Sen sog’inch tilida bir narsa degin.
Ne kechar dunyoning o‘ngu so‘lida
Tuyg’ular ko‘zyoshday qalqib turgan payt.
Hamma laqqillasa bozor tilida,
Sen ko‘ngil tilida biror jumla ayt.
Qanday tushuntiray holimni senga,
Egik boshim uzra oyday yog’du soch…
Barini bir chetga qo‘ygin-da, menga
Sukunat tilida yuragingni och…
Eshqobil Shukur
Behruz Shamsiddinov
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi,
Shavkat Akramov olgan surat.

