Sharof Rashidovning mehrini qozongan sportchi 80 yoshda

Bolaligimizda o‘g‘li ko‘p xonadonlarda albatta turli xil vazndagi tosh (gantel)lar bo‘lardi. O‘g‘il bolalar ertalab maktabga ketishdan oldin albatta “gantel”larni ko‘tarib, bilagidagi kuchi qancha bo‘lganini obdon tekshirib, so‘ng yo‘lga otlanishardi.
Xalq sayllariyu, to‘y-tomoshalar ham albatta tosh ko‘taradigan polvonlarsiz o‘tmasdi. Ikkala qo‘li bilan og‘ir toshlarni ko‘tarib, aylantirib yerga uloqtirib tashlaydigan, tishlari bilan toshlarni ko‘tarib, chir-chir aylantiradigan polvonlarni ko‘rgan odamlar «E, otangga rahmat», deyishardi.
Avvallari sportning tosh ko‘tarish turiga qiziqib yurgan qora ko‘z o‘zbek bolalarining aksariyati keyinchalik zamonaviy sport turi – og‘ir atletikaga mehr qo‘ydi. Astoydil shug‘ullanishdi. Xalq oldida tomosha ko‘rsatib yurgan polvonlar o‘z kuchlarini maydonda namoyish qiladigan bo‘lishdi. 1967-1968-yillarda o‘zbekning nomini dunyoga mashhur qilgan sportchilardan biri og‘ir atletika bo‘yicha jahon rekordchisi, O‘zbekiston respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi faxriy unvoni hamda I darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordeni sohibi Erkin Karimov xalqimizning ana shunday farzandlaridan biri. Dastlab oddiy tosh ko‘tarish mashqlari bilan mashg‘ul bo‘lgan qahramonimiz keyinchalik og‘ir atletikada murakkab bir davrda, millatimiz yoshlariga katta sport maydonlarida o‘zligini namoyish qilish uchun u qadar imkoniyat berilmagan bir fursatda o‘zbek yigitlarining nimalarga qodirligini namoyish etdi. Sobiq ittifoq og‘ir atletikasida o‘z “dastxati”ni qoldira bildi.
Ne-ne talotup davrlarni boshidan kechirgan Erkin aka yaqin kunlarda 80 yoshni qarshilaydi. Og‘ir atletika sportida to‘plagan tajribalari va bugungi kunda sportga bo‘lgan munosabatlarini bilish maqsadida u kishi bilan suhbatlashdik.
— Avvalo sizni 80 yoshlik yubileyingiz bilan tabriklaymiz. Ayting-chi, bundan oldingi davr og‘ir atletikasi bilan bugungi og‘ir atletika sporti o‘rtasida qanday farq bor?
— Avvalambor, shu yoshga yetganligimga cheksiz shukronalar qilaman. Bugungi kunning eng baxtli odamlaridan biriman, desam, yanglishmagan bo‘laman. Tinch O‘zbekistonda tug‘ilib yashayotganligim, ikki qiz, bir o‘g‘ilning otasi va to‘rt nabiraning sevikli bobosi hamda og‘ir atletikachilarimizning ustozi bo‘lganimdan bag‘oyat xursandman. Rosti, o‘zim baʼzida ajablanaman, O‘zbekiston og‘ir atletikasining uchta davrini ko‘rdim. Sobiq ittifoq, undan keyin Mustaqillikning dastlabki davri va bugun. Nima deyishim mumkin? Osmon bilan yercha farq bor. Biz sportchi bo‘lgan kezlari seleksiya, degan narsa yo‘q edi. O‘zimiz otilib chiqqanmiz. Keyin sportchiga yaratilgan shart- sharoitlarni aytmaysizmi? Davlatimiz tomonidan beqiyos eʼtibor qaratilmoqda. Eng muhimi, bugungi O‘zbekiston og‘ir atletikasi ishonchli qo‘llarda. Avvallari xalqaro maydonda qatnashadigan bitta yoki ikkita sportchi bo‘lgan bo‘lsa, hozirda yoshlar, o‘smirlar, kattalar o‘rtasida o‘nlab o‘zbekistonlik jahon chempionlari, sovrindorlari yetishib chiqdi. Bundan tashqari, yurtimizning besh nafarga yaqin mutaxassislari Xalqaro va qitʼa og‘ir atletikasining turli komissiyalariga aʼzo. Ayniqsa, federatsiya raisining birinchi o‘rinbosari Shaxrillo Mahmudov xalqaro og‘ir atletika federatsiyasining ijroiya qo‘mitasi aʼzosi sifatida faoliyat yuritayotganligi O‘zbekiston og‘ir atletikasining xalqaro maydondagi hurmatiga ijobiy taʼsir ko‘rsatmoqda. Yana bir narsani aytishim lozim. Ketma-ket ikki olimpiadada bir vaznda olimpiya oltin medalini bir mamlakatdan ikki sportchi olish holati kamdan-kam uchraydi. Bunga O‘zbekiston erishdi. 2016-yili Ruslan Nuriddinov dunyoni lol etgandi. Oradan besh yil o‘tib Tokioda aynan Ruslanni vaznida Akbar Jo‘rayev oltin medalga sazovor bo‘ldi. Shu jihatdan, hozirgi sportchilarimiz oldingilarga nisbatan juda kuchli va shijoatlidirlar. – Bunga qanday erishilmoqda? – Davlatimiz tomonidan alohida eʼtibor, murabbiy va mutaxassislarning tinimsiz mehnati va eng asosiysi, yoshlarimizda vatanparvarlik tuyg‘ularining yuqoriligi sabab bo‘lmoqda. Og‘ir atletikachilarimizni jismoniy jihatdan shug‘ullantirishdan tashqari ularni maʼnaviy, maʼrifiy va madaniy tomondan kamol topishlariga ham katta eʼtibor berilmoqda.
– Bugun O‘zbekiston og‘ir atletikachilari jahonda yetakchi. Shu mavqeni saqlab qolish uchun nimalarga eʼtibor berish kerak?
– Haqiqatan, mamlakatimiz og‘ir atletikachilari keyingi 4-5 yil oralig‘ida dunyoning yetakchi mamlakatlaridan biriga aylandi. Hozir o‘smirlar, yoshlar, kattalar o‘rtasida O‘zbekiston terma jamoalari kuchli o‘rinlarni egallab turibdi. O‘zim sobiq sportchi bo‘lganim uchun baʼzida o‘ylab qolaman. Bugungi kunda yoshlar o‘rtasida jahon chempioni Muhammadqodir Toshtemirov, Doston Yoqubov, Tursunoy Jabborova, o‘smirlar o‘rtasida jahon chempioni Qurbonmurod Namozov kabi o‘nlab isteʼdodlarimiz Ruslan Nuriddinov va Akbar Jo‘rayevlar “soyasi”da qolib ketmayaptimi, deb. Shu maʼnoda O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi bilan har jihatdan manfaatli hamkorlik aloqalarini mustahkamlashi lozim, deb hisoblayman. Terma jamoa maslahatchi murabbiyi sifatida mamlakatimiz og‘ir atletikachilarining jahondagi mavqeini yana-da mustahkamlash bo‘yicha biz mashg‘ulot maydonida, maslahat yig‘ilishlarida ish olib bormoqdamiz. Lekin katta g‘alabalar faqat tayyorgarlik bilangina emas, balki xalqaro darajadagi munosabatlar orqali ham qo‘lga kiritilishini unutmaslik kerak.
– Siz murakkab bir davrda og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgansiz, rekord o‘rnatgansiz. Hozir o‘sha kunlarni qanday xotirlaysiz?
– O‘zbek sportchilaridan birinchi bo‘lib sobiq SSSR xalqlarining IV-spartakiadasi chempioni, 1967-1972-yillardagi SSSR kubogi va ayrim mashqlar bo‘yicha SSSR chempionati g‘olibi, ko‘p bora mamlakat rekordini o‘rnatganman. Shunga qaramasdan meni olimpiada o‘yinlari va Jahon chempionatlariga olib chiqishmagan. Chunki sobiq tuzum sport rahbarlari ittifoqdosh respublikalardan jahon va olimpiada o‘yinlarining chempionlari va rekordchilari yetishib chiqishlarini u qadar istamas edilar. Yurtimizdagi murabbiylar ham yuqoridagilarning ko‘rsatmalari bilan ishlashardi. 1987-yil sobiq ittifoq spartakiadasi chempioni hamyurtimiz Isroil Isoqovni ham olimpiada va jahon chempionatlaridan mahrum qilganlar. Allohga shukronalar bo‘lsinki, mustaqilligimiz tufayli sportchilarimizning ko‘kragiga shamol tegdi. Bir paytlar xalqimiz Rufat Risqiyev, Birodar Abduraimovlar bilan faxrlangan bo‘lsa, bugun sportning yigirmadan oshiq turlari bo‘yicha jahon chempionlari, olimpiada sovrindorlari, rekordchilarimiz bor. Olimpiya g‘oliblarining o‘zi o‘ndan, sport turlari bo‘yicha jahon chempionlari yuz nafardan oshib ketdi. Bir paytlar, «bu xalqning bolasi nimjon, ulardan chempionlar chiqmaydi», deguvchilarga O‘zbekiston Mustaqilligining haqiqiy farzandlari Muhammadqodir Abdullayev, Abdulla Tangriyev, Rishod Sobirov, Hasanboy Do‘stmatov, Fazliddin G‘oyibnazarov, Ruslan Nuriddinov, Akbar Jo‘rayev, Ulug‘bek Rashidov, Bahodir Jalolov, yaqinda tezkor shaxmat bo‘yicha jahon chempionligiga erishgan Nodirbek Abdusattorov kabi yuzlab yoshlarimiz o‘zbekning bolasi qanday qudratga ega ekanligini ko‘rsatib kelmoqda. Yoshi bir joyga borgan inson sifatida aytishim kerakki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy etilgan Yangi O‘zbekiston g‘oyasi va uning tegrasida amalga oshirilayotgan islohotlar hali bu chempionlar safini yana-da kengaytirishi shubhasiz. Asosiysi, yurtimizda qilinayotgan har bir ishga to‘g‘ri va adolatli yondashuv, inson qadrini ulug‘lash tizimi joriy qilinganligi biz keksalar hayotida ham aks etmoqda.
– Eshitishimizcha, Sharof Rashidovning eʼtirofiga sazovor bo‘lgan ekansiz?
– Sharof ota o‘ta ziyrak inson edilar. Biron bir rasmiy sport musobaqalariga borib qolsalar, ko‘z qorachig‘i bilan o‘zlariga o‘xshagan «qora mag‘iz»larni izlardilar. Sobiq ittifoq musobaqalarida ishtirokimizni doimo qo‘llardilar. Ayniqsa, mahalliy sportchilarga mehri bo‘lakcha edi. Safimiz keng bo‘lishini xohlardilar. Ko‘pincha musobaqalardan oldin Sharof ota meni chaqirib: «Erkin bo‘sh kelma, sen albatta g‘olib bo‘lishing kerak», deb dalda berardi. Albatta rahbarning bir og‘iz daldasi, ishonchi har qanday insonga o‘ziga nisbatan yanayam talabchan, izlanuvchan bo‘lishga turtki beradi.
– Inson yoshi ulg‘aygani sayin bolaligini sog‘inib yashaydi. O‘zingiz tug‘ilib o‘sgan Kattaqo‘rg‘onga, o‘qigan maktabingizga ham borib, yoshlar bilan uchrashib turasizmi?
– Kattaqo‘rg‘onga borib qolsam albatta, o‘zim o‘qigan 2-sonli umumtaʼlim maktabida bo‘lib, o‘quvchi yoshlar bilan uchrashib turaman. Ushbu maktabda sportga, xususan, og‘ir atletikaga qiziqadigan yoshlar juda ko‘p. Ularga tajribalarim haqida so‘zlab beraman. Bitta orzuim bor. Xudo xohlasa, pandemiyalardan o‘tib olsak, Kattaqo‘rg‘onda og‘ir atletikaga ixtisoslashgan moʻjazgina zal ochishni niyat qilganman.
– Hozir ham tosh ko‘tarib turasizmi?
– Bunga kuchingiz yetadimi, charchab qolmaysizmi, demoqchisizda (kuladi). Futbolchini kuniga oyog‘iga to‘p tegib turmasa, uyqusi kelmaganidek, bir kun tosh ko‘tarmasam, kechalari uyqum qochib ketadi. Shukur haliyam tetikman. Uncha-muncha polvonlar bilan bahslashishga kuchim yetadi. Hozir O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasida maslahatchi murabbiy bo‘lib ishlayapman.Tajribalarimni shogirdlarimga, yosh sport murabbiylariga o‘rgatib kelyapman. Shu o‘rinda nokamtarlik bo‘lsa-da, aytmasam bo‘lmas, O‘zbekiston og‘ir atletikachilarining so‘nggi 4 ta Jahon chempionati va 2 ta yozgi olimpiadada qayd etgan yuqori natijalarida ozmi-ko‘pmi hissam borligidan juda baxtiyorman. Bunday shart-sharoitni yaratib bergan, biz faxriylarni mashg‘ulot maydoniga chorlab turgan O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi mutasaddilariga rahmat. Ko‘rinmay qolsam, darrov qo‘ng‘iroq qilishadi. Telefonni olmasam murabbiylardan birontasi, hattoki faxrli sportchimiz Ruslan Nuriddinov uyga kelib olib ketadi. Bunday eʼtibor, tergab turishdan keyin ishlamay ham ko‘ringchi? Mana shunday shijoatli yoshlar bilan hamnafas bo‘lish kishini qaritmaydi. Yangi-yangi marralarni zabt etishga chog‘laydi.