Talabalar Tomsk davlat universiteti va London iqtisodiyot maktabiga o‘qishga yuboriladi…

Samarqand davlat universiteti xalqaro ta’lim dasturlari fakultetida Tomsk davlat universiteti qoshidagi Iqtisodiyot va menejment instituti (Rossiya) professor-o‘qituvchilari bilan seminar bo‘lib o‘tdi. Bunda fakultet o‘qituvchilari, talaba va ularning ota-onalari Zoom dasturi orqali onlayn ishtirok etdilar. 2022-2023 o‘quv yildan boshlab Tomsk davlat universitetiga belgilandan dastur asosida bakalavr bosqichidagi talabalarni o‘qishga yuborish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Xususan, Rossiyadagi oliy ta’lim tizimi, yaratilgan imkoniyatlar bu boradagi qilinishi lozim bo‘lgan ishlar muhokama qilindi. Shuningdek, Tomsk davlat universitetining doimiy ravishdagi hamkori London iqtisodiyot maktabidagi o‘qish imkoniyatlari, magistratura bosqichida tahsil olish shartlari aytib o‘tildi.
- Tomsk davlat universiteti bilan 2020-yildan boshlab hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yganmiz. Hozirgi paytgacha o’ndan ortiq magistrant talabalarimiz tahsil olmoqda, -deydi xalqaro ta’lim dasturlari ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi mudiri, dotsent Feruza Rashidova. – Endilikda ilk marotaba kelasi o‘quv yilidan boshlab bakalavr bosqichidagi talabalarimizni hamkorlik asosida o‘qitish bo‘yicha memorandum imzolaganmiz. Shuningdek, talabalarimiz uchun yana bir asosiy imkoniyat parallel ravishda xohishiga qarab, London iqtisodiyoti maktabida (Buyuk Britaniya) ta’lim olishlari mumkin. Bu albatta, hozirgi kunda raqamli iqtisodiyot va iqtisodiyot yo‘nalishlarida yetuk kadrlarni yetishtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
- Ikki yildan buyon Samarqand davlat universitetiga tashrif buyuraman. Har gal kelganimizda bu yerdagi muhit bilan yaqindan tanishaman, imkoniyatlarini o‘rganaman, - deydi Tomsk davlat universiteti prorektori, dotsent Viktoriya Makoveyeva. – Bu safargi tashrifimda ham hozirgi kundagi o‘zgarishlarga bee’tibor bo‘lmadim. Yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan Samarqand davlat universitetini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g’risidagi qarori meni ham juda quvontirdi. Sababi, yaqin hamkorimizning ilmiy salohiyati, ta’lim sifati, xalqaro nufuzni yanda oshishga xizmat qiladigan muhim qaror imzolangan. Kelajakda Fizika muhandislik va Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi institutlarida yetishib chiqqan kadrlar nafaqat O‘zbekiston, balki jahon mamlakatlaridagi dolzarb muammolarni o‘rganishiga xizmat qilishiga ishonaman. Bu borada biz doimiy ravishda hamkorlik ishlarini davom ettirishga tayyormiz.
Behruz Shamsiddinov
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi,
Shavkat Akramov olgan suratlar