O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga ko‘ra, pedagogika, axborot texnologiyalari va hududda kadrlarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan boshqa sohalarda kadrlar tayyorlovchi Universitetning Urgut filiali (keyingi o‘rinlarda – Filial) tashkil etildi.

    Quyidagilar Filialning asosiy faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi:

    - mehnat bozorida raqobatbardosh, amaliy ko‘nikmalarni egallagan oliy maʼlumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;

    - yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan qo‘shma taʼlim dasturlari va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, taʼlim jarayoniga ilg‘or pedagogik va masofaviy taʼlim texnologiyalarini, ilm-fan va texnikaning yangi yutuqlarini joriy etish;

    - o‘quv rejalarini tegishli sohalarning rivojlanish istiqbollari va ustuvor vazifalarini hisobga olgan holda shakllantirish, o‘quv va ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarining zamonaviy moddiy-texnika bazasini yaratish;

    - o‘quv jarayonini talabalarda mustaqil taʼlim olish, tizimli tahlil qilish, ijodiy fikrlash va amaliy, jumladan, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga yo‘naltirish;

    - ilmiy-tadqiqot ishlarini yo‘lga qo‘yish, ishlab chiqarish tashkilotlarining muammolarini yechishga qaratilgan ilmiy, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni rivojlantirish;

    - taʼlim va ilmiy izlanishlar jarayoniga malakali mutaxassislarni jalb etish, respublika hamda yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari va ilmiy markazlar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;

    - talabalarga taʼlim olish va ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanish uchun shart-sharoit yaratish hamda chet el fuqarolari uchun taʼlim olish imkoniyatini kengaytirish;

    - ilmiy-pedagogik salohiyatni oshirib borish, jumladan, professor-o‘qituvchilar stajirovkasi va malaka oshirishini nufuzli respublika va xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida tashkil etish.

    Shuningdek:

    Agrobiotexnologiyalar instituti, Muhandislik instituti va Filialda taʼlim faoliyati 2022/2023 o‘quv yilidan boshlanadi hamda o‘quv jarayoni kredit-modul tizimi asosida olib boriladi;

    Universitetning agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi fakulteti bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarida taʼlim olayotgan talabalar o‘qishini Agrobiotexnologiyalar institutida davom ettiradi;

    Universitetning fizika va matematika fakultetlari tarkibidagi amaliy bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarida taʼlim olayotgan talabalar o‘qishini Muhandislik institutida davom ettiradi;

    Filial Urgut tumanidagi umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional taʼlim muassasalari o‘qituvchilariga ilmiy-uslubiy yordam ko‘rsatib boradi;

    Agrobiotexnologiyalar instituti, Muhandislik institutining byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobi Moliya vazirligi G‘aznachiligida ochilgan Universitetning shaxsiy g‘azna hisobvaraqlarida yuritiladi, Filial esa Moliya vazirligining G‘aznachiligida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga ega bo‘ladi;

    Agrobiotexnologiyalar instituti, Muhandislik instituti va Filial direktori, direktor o‘rinbosari mehnatga haq to‘lash shartlari va miqdorlari bo‘yicha tegishli ravishda oliy taʼlim muassasasi filiali direktori va filial direktori o‘rinbosariga, boshqa xodimlar esa oliy taʼlim muassasalari xodimlariga tenglashtiriladi;

    Agrobiotexnologiyalar instituti, Muhandislik instituti va Filial faoliyatini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq xarajatlar, jumladan, bino va inshootlarni taʼmirlash va jihozlash – Universitetning byudjetdan tashqari mablag‘lari hamda Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligining Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

 

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.