Samarqand davlat universiteti professori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, filologiya fanlari doktori Hotam Umurov 80 yoshni qarshi oldi
Samarqand davlat universitetida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, filologiya fanlari doktori, professor Hotam Umurovning 80 yilligiga bag‘ishlangan “Adabiyot nazariyasining dolzarb muammolari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbirni Samarqand davlat universiteti rektori, Oliy Majlis Senati aʼzosi, professor Rustam Xolmurodov kirish so‘zi bilan ochib, Hotam Umurovni bugungi qutlug‘ kun bilan tabrikladi, o‘zining samimiy tilaklarini bildirdi.
Samarqand adabiy muhitini Hotam Umurovsiz tasavvur qilib bo‘lmasligini, Samarqand davlat universitetining ilmiy-ijodiy muhitini shakllantirishda olimning qo‘shgan beqiyos hissasini alohida taʼkidladi.
Shundan so‘ng, Samarqand viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Xurshid Ochilov Hotam Umurovni ushbu qutlug‘ kun bilan muborakbod etdi. Viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning tabrigini o‘qib eshittirdi, esdalik sovg‘alari topshirdi.
So‘z sanʼati tarixi va nazariyasi bilimdoni Hotam Umurovni taniqli adabiyotshunos olim Ibrohim Haqqul, Ulug‘bek Hamdam kabi ijodkorlar ham samimiy qutladilar.
- Ustoz Hotam Umurov – Samarqand davlat universitetining haqiqiy jonkuyar, qattiqqo‘l, talabchan professori, yoshlarning eng yaqin maslahatgo‘yi, - deydi filologiya fakulteti dekani, professor Azamat Pardayev. - Olim ilmiy faoliyati davomida bugungacha 10 dan ortiq fan nomzodi, 3 nafar fan doktorlarini yetishtirgan. Uch darslik, 100 ga yaqin monografiyalar, o‘quv qo‘llanmalari, risolalar, o‘quv-uslubiy tavsiyalar, adabiy-tanqidiy maqolalar to‘plamlarini eʼlon qilgan. Jami eʼlon qilingan ilmiy ishlar soni 500 dan ortiq. Hotam Umurovni bugungi qutlug‘ kun munosabati bilan jamoamiz nomidan chin dildan, samimiy muborakbod etaman. Ustozimizga sihat-salomatlik, bardavom ijodiy marralar tilayman.










Konferensiya yuqori kayfiyatda, ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.

