Mana qishki taʼtil ham boshlanib ketdi. Taʼtil avvalombor faqatgina dam olish yoki do‘stlar bilan hordiq chiqarish uchun emas, balki o‘z ustida ishlash va dunyoqarashini kengaytirish hamdir.

    Buyuk Xitoy faylasufi Konfutsiy aytganidek “Bilimsizlik – insoniyat uchun eng qorong‘u tundir”. Darhaqiqat bilim qorong‘u tunda yo‘lingizni yorituvchi mashʼala kabidir. Bilim olish deganda, o‘qish uchun to‘g‘ri tanlangan kitob ham muhim ahamiyatga egadir. Zero, har bir soniyamiz oltinga teng deganlaridek, bu qimmatli vaqtimizi nima va kimlar uchun sarflayotganimizga alohida eʼtibor qaratishimiz lozimdir. Quyida sizlar uchun “Liderlar” kanali asoschisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi rahbarining birinchi  o‘rinborasi Otabek Xasanov tomonidan o‘qish uchun tavsiya etilgan kitoblar ro‘yxatini havola etmoqchiman:

1. Hamdam Sodiqov “Amir Temur saltanatida xavfsizlik xizmati”

2. Abdulla Qodiriy “O‘tkan kunlar”

3. O‘tkir Xoshimov “Dunyoning ishlari”

4. Spenser Djonson “Где мой сыр?”

5. Radislav Gandapas “Харизма лидера”

6. O.Salimov, M.Bekmurodov “Boshqaruv hikmati”

7. Isxak Adizes “Адизес для Лидеров”

8. Mark Blaug “100 великих экономистов после Кейнса”

9. Vladimir Kvint “Strategiyalash nazariyasi va amaliyoti”

10. Stiven Kovi “Главное внимание главным вещам”

    Bu kitoblar barcha soha va turli yo‘nalishlarda taʼlim oluvchi talabalar uchun foydalidir. Chunki, qanday soha va qaysi kasb vakili bo‘lmasin rahbarlikka va boshqaruvga qiziqmaydigan liderlik xislatlarini shakllantirishga intilmaydigan inson bo‘lmasa kerak. Sizga tavsiya etgan kitoblar ro‘yxati esa, hayotiy vaziyatlarda hamda dunyoqarashingizni kengaytirishingizda albatta as qotadi.

    Yaqinlaringiz, ota-onangiz uchun vaqt ajrating

    Dunyoga kelishimiz uchun sababchi bo‘lgan insonlar bu albatta ota-onadir. Sizning mana shunday ko‘rkam va navqiron yoshga yetishingiz, hech narsaga muhtoj qilmaslikka harakat qilgan insonlar uchun hech qachon mehringiz va eʼtiboringizni ayamang. Zero, ular ham omonatdir. Aksariyat talabalar uzoq tuman va shaharlardan kelib tahsil olishadi. O‘qish davrida ota-onangiz xizmatini qilish uchun yetarlicha vaqt ajratishning ham baʼzida ilojini topolmay qolasiz. Taʼtil esa bu imkoniyatni sizga taqdim etmoqda. Ularning duosi va o‘gitlari sizni kamolga yetishingiz uchun asosiy tayanchdir.

    Jismoniy mehnat bilan shug‘ullaning

    “Harakatdaman-ku deya emaklamoq – bu harakat emas” degan edi Xitoy faylasufi Konfutsiy. Albatta tana sog‘lomligi bu fikr teranligi, aql rasoligidir. Katta jadallik bilan rivojlanib borayotgan hozirgi zamonda barcha imkoniyatlar, texnikalar insonlarning yengil, qiynalmasdan hayot kechirishini taʼminlash uchun xizmat qilmoqda. Bunday yengilliklar albatta insonlarni harakatsizlikka olib keladi. Masalan, oddiygina ertalab o‘qishga borish uchun yarim soatlik uyqu sababmi yoki biroz piyoda yurmaslik uchunmi mashinada borishni yoki 3-4 qavatga zinada chiqish o‘rniga albatta liftda ko‘tarilishni afzal bilamiz. Har bir yaratilgan yangilikni foydali tomoni bilan birga zararlari ham bor. Chunki, bizning tanamiz harakat uchun yurish, yugurish, sakrash, jismoniy mehnat uchun moslashgan. Agar biz kundalik hayotimizda jismoniy mehnatni unutib qo‘yar ekanmiz, tanamizda ortiqcha vazn, tayanch harakat tizimidagi og‘riqlar, harakatsizlik tufayli qon aylanish sistemasining buzilishi natijasida miyyamizga yetarli darajada kislorodning yetib bormasligi oqibatida lanjlik, uyqusirash, asabiylik kuzatiladi. Albatta, bunday holat bizning bilim olish jarayonimizga o‘zining salbiy taʼsirini ko‘rsatmay qolmaydi. Jismoniy mehnat esa tanangiz uchun foydali.

    Real voqealarga asoslangan hujjatli filmlar tomosha qilish

Bunday filmlar zamirida birinchi navbatda haqiqat va real voqealar yotadi. Siz tomosha qilayotgan xujjatli film qachonlardir sodir bo‘lganligini bilish esa sizning qalbingizda chuqur taassurot qoldiribgina qolmay xayot saboqlarini o‘rganishda bevosita yordamini beradi. 

    Imtihonlar yaqinlashmoqda

    Albatta, dam olish mutolaa va yaqinlar davrasida bo‘lish yaxshi lekin yaqinlashib kelayotgan qishgi imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rish ham foydadan xoli bo‘lmaydi. Taʼtil vaqti esa sizning imtixonlarga puxta tayyorgarlik ko‘rishingiz uchun esa ayni muddaodir. Ta’tilingizni maroqli va mazmunli o’tkazishingizga tilakdoshman…

 

Dildora Sulaymanova

Samarqand davlat universiteti

Psixologiya nazariyasi va amaliyoti kafedrasi o‘qituvchisi