Samarqand davlat universiteti sport faoliyati va san’at fakulteti talabasi E’zozaxon Hoshimova. Yozgi biatlon sport turi bo‘yicha ikki marta Osiyo, o‘n ikki karra O‘zbekiston chempioni. 2015-yildan beri O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi. 2018-yildan boshlab biatlon sport turi bo‘yicha Samarqand viloyat bosh murabbiyi.

    Yozgi biatlon sport turi bu yugurish va maʼlum marralarga kelib, miltiqdan otish, yaʼni ikki marta (poyga va otishda) musobaqalashish.

    - O‘n to‘rt yildan beri ushbu sport turi bilan shug‘ullanaman. Xohishimga ko‘ra aynan biatlonni tanlaganman. Biatlon sport turi bo‘yicha ikki karra Jahon chempioni Ruslan Nasirov murabbiyligi qo‘l ostida shug‘ullanib kelaman, - deydi talaba E’zozaxon Hoshimova. - Biatlon sporti insonni nafaqat jismonan, balki ma’nan sog‘lom, aqlan yetuk bo‘lishiga undaydi. Birinchi marotaba 2009-yilda o‘smirlar o‘rtasida Chirchiq shahrida O‘zbekiston chempionatida qatnashganman. Bunda 40 nafar ishtirokchi o‘rtasida o‘ninchi o‘rinni egallaganman. Bu natija mening ilk musoboqam bo‘lganligi sababli yuqori natija deb baholaganman. Keyinchalik oldimda qo‘ygan maqsadlarim va astoydil qilgan mehnatlarim bois, faxrli va oliy o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqdaman. Bu kunga qadar bir qator yutuqlarga erishdim. Jumladan, 2015-yil Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan musoboqada sprint (3 km.) va yakka tartibdagi poyga (7 km.) yo‘nalishi bo‘yicha g‘olib deb topilib, Osiyo chempioni bo‘lganman. Bundan tashqari har yili o‘tkazib kelinadigan O‘zbekiston chempionatida oliy o‘rinlarga sazovor bo‘lganman. 2021-yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tgan Xalqaro SAMARQAND HALF MARATHONda qatnashib 2-o‘rinni qo‘lga kiritib, ikki million so‘m pul mukofotiga ega bo‘ldim.

    Yoshligimdan sport bilan birga o‘qishga ham ishtiyoqim doim kuchli bo‘lgan. 2018-yil Samarqand davlat universiteti sport faoliyati va san’at fakultetiga o‘qishga kirganman. Malakali mutaxassislar tomonidan nazariy va amaliy bilimlarni egallab kelmoqdaman. 2021-yil O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining “30 yillik” esdalik belgisi bilan mukofotlandim. O‘z oldimga ulkan maqsadlarni qo‘yganman. Jahon chempionatida qatnashib, yurtimiz sharafini munosib himoya qilmoqchiman. Shuningdek, yetuk kadrlarni yetishtirib jahon arenalarida Vatanimiz bayrog‘ini ko‘klarga ko‘tarishni o‘z oldimga maqsad qilib oldim.

Behruz Shamsiddinov

Samarqand daavlat universiteti

Axborot xizmati xodimi