Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti o‘zbek tilshunosligi kafedrasi dotsenti Orziboni Yusupovaning  (hammualif  SamDChTI talabasi Umar Yaxshimurodov) “O‘zbek tilidagi ko‘rsatish olmoshlari” nomli monografiyasi Moldovaning “Globe Edit” nashriyotida chop etildi. Mazkur monografiyada o‘zbek tili leksik-grammatik tizimida alohida xususiyatlarga ega bo‘lgan olmosh so‘z turkumi, ko‘rsatish olmoshlarining tarixiy taraqqiyot davrlari, tarixiy shakllari, bu olmoshlarning qadimgi turkiy til, eski turkiy til, eski o‘zbek adabiy tili yozma yodgorliklarda uchrashi, o‘sha davrga oid manbalar asosida tadqiq etilgan. Ko‘rsatish olmoshlarining hozirgi o‘zbek adabiy tilida qo‘llanilishi, morfologik, sintaktik xususiyatlari hozirgi davr zamonaviy o‘zbek adabiyotidan olingan misollar asosida  o‘rganilgan.

    - Monografiyaning muhim tomonlaridan biri unda ko‘rsatish olmoshlarining sinonimiyasi va variantlari batafsil tahlil qilingan. Bundan tashqari ko‘rsatish olmoshlarining funksional-stilistik tizimda tutgan o‘rni aniqlangan, - deydi dotsent Orzibonu Yusupova. – Shuningdek, rasmiy, ilmiy, publitsistik, badiiy va so‘zlashuv uslublardagi stilistik o‘ziga xosliklari ochib berilgan.   Shu bilan birga har bir uslubning o‘ziga xos xususiyatlari haqida ma’lumotlar ham monografiyani ilmiy jihatdan boyitgan. O‘zbek tilidagi ko‘rsatish olmoshlarining nutq jarayonida tutgan o‘rni, ahamiyati, o‘ziga xos kommunikativ va stilistik xususiyatlari haqida aniq tasavvurga ega bo‘lish, bu borada muayyan ilmiy xulosalarga kelish hamda bu xulosalardan amalda foydalanishga sharoit yaratilgan. Xullas, monografiya ko‘rsatish olmoshlarining barcha tomonlari yaxlit holda tadqiq etilganligi bilan ahamiyatga ega.

    Bundan tashqari, dotsent Orzibonu Yusopovaning 2020-yilda “O‘zbek tilida sodda gaplar sotsiolingvistikasi va lingvopoetikasi” nomli monografiyasi  Germaniyaning “Lambert” nashriyotida chop etilgan edi. O‘zbek tili sintaksisining o‘ziga xos jihatlari,  so‘zlashuv nutqi sintaksisi va sintaktik birliklarning lingvopoetik xususiyatlari, badiiy imkoniyatlari, emotsional-ekspressivligi   yoritilgan ushbu monografiya dastlab olti tilga, so‘ng jahonning boshqa tillariga tarjima qilingan. O‘zbek tili ifoda imkoniyatlariga benihoya boy tillardan bo‘lib, uning beqiyos go‘zalligi, ta’sir qudrati, bir so‘zning turli ko‘rinishlarda tovlana olishi, bir necha ma’no anglatishi so‘zlashuv nutqida, ayniqsa, badiiy matnlarda yaqqol namoyon bo‘ladi. Monografiyada tilimizning shu tomonlari sintaktik birliklar misolida tadqiq qilingan bo‘lib, bunday kuzatishlar ona tilimiz qa’rida yashiringan ulkan xazinadan dunyo xalqlarining bahramand bo‘lishiga sabab bo‘ladi. O‘zbek tilini jahonda tadqiq va talqin qilayotgan  chet el tilshunos olimlari  uchun bir manba bo‘lib xizmat qiladi.

Behruz Shamsiddinov

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi