Samarqand davlat universiteti dotsentining monografiyasi Germaniyada chop etildi…
Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti o‘zbek tilshunosligi kafedrasi dotsenti Svetlana Umirovaning “Poetik matnda parallelizmni qo‘llashning prosodik va kompozitsion prinsiplari” nomli monografiyasi Germaniyaning Lambert nashriyotida chop etildi.
Jahon tilshunosligida matn lingvistikasi, jumladan, uning oliy bosqichi bo‘lgan lingvopoetik tadqiqotlar zamonaviy tahlil metodlariga tayanilgan holda olib borilmoqda. Uning stilistika va adabiyotshunoslik sohalari bilan mushtarak jihatlari chuqur o‘rganilmoqda. Chunki u fonetik, leksik va grammatik sathlardagi birliklarga badiiy adabiyot tili va ijodkor individual uslubi shakllanishining asosiy vositasi deb qaraydi hamda ularning eng namunaviy va xarakterli jihatlarini tahlil qiladi.
Mustaqillik yillarida o‘zbek badiiy matnini o‘rganishga oid tadqiqotlarda inson badiiy-estetik olamini til va nutq dialektikasi, til va uslub pozitsiyasida turib tahlil etilganligi o‘zbek tilining nihoyatda boy tasviriy vositalarini yanada yorqinroq anglashimiz va o‘zlashtirishimizga sharoit yaratadi. Shu ma’noda «Poetik matnda parallelizmni qo‘llashning prosodik va kompozitsion prinsiplari» deb nomlangan ushbu monografiyada O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim ijodi namunalarini lingvopoetik nuqtai nazardan tahlil etish misolida poetik individuallikning badiiy mushohada jarayoniga ko‘rsatadigan ta’siri va ona tilimizni boyitish yo‘llari tadqiq etilgan. Shuningdek, bu betakror shoirning xalqimiz badiiy-estetik tafakkuri rivojiga qo‘shgan munosib hissasi yoritilgan. Usmon Azim she’riyati matni lingvopoetik tahlilida uning ijodiga xos bo‘lgan individual jihatlar asoslangan, poetik sintaktik elementlarning funksional-stilistik o‘ziga xosliklari hamda o‘zbek tilidagi gap qurilishining an’anaviy tamoyillaridan ko‘ra ijodkor individual uslubiga xos bo‘lgan struktural o‘zgarishlari dalillangan. Usmon Azim poetik tafakkuri va individual manerasini belgilaydigan, adabiy til me’yori uchun g‘ayriodatiy bo‘lgan sintaktik qurilmalarning mantiqiy va grammatik aloqasi, gapda, frazada, umuman matnda so‘zlarning, sintaktik qurilmalarning g‘ayriodatiy o‘rinlashishi isbotlangan. Shoir she’riyatining ritmik sintaksisi va ritorikasini vujudga keltirgan stilistik figuralar o‘zbek xalq dostonchiligida mavjud bo‘lgan ohang, bayon usuli bilan taqqoslanib, ijodkorning individual uslubi ochib berilgan.
- Ushbu monografiya o‘zbek tilshunosligida shoir, yozuvchilar asarlari tili va uslubini lingvopoetik usulda o‘rganishning aniq yo‘llarini ko‘rsatib berishga ko‘maklashadi, – deydi dotsent Svetlana Umirova. - Tadqiqot natijalaridan adabiyot va til ta’limi jarayonida, o‘zbek tilshunosligining uslubshunoslik, nutq madaniyati, badiiy matnning lingvistik tahlili va boshqa sohalariga oid tanlov fanlarni tashkil etishda va amaliy mashg‘ulotlar uchun o‘quv qo‘llanmalari va materiallarini yaratishda foydalanish mumkin. Mazkur monografiya o‘zbek poetik nutqi fondining tarkibiy qismi sanaladigan O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim she’riyati matnining lingvopoetik tahlili tadqiqiga bag‘ishlangan. Shoir she’riy asarlari tilini lingvopoetik tahlil etish orqali uning individual ijodiy manerasiga xos xususiyatlari, ijodkor poetik asarlari matnida parallelizmning qo‘llanilishi, uning prosodik va kompozitsion prinsiplari, til elementlarining uslubiy imkoniyatlari yoritilgan.
Ushbu tadqiqotdan lingvopoetika sohasi bilan qiziquvchilar, filolog magistrant va bakalavrlar foydalanishlari mumkin.
Behruz Shamsiddinov
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi

