Non daraxti haqida nimalarni bilasiz?

Eng g‘aroyib daraxtlardan biri – non daraxti. U tropik mamlakatlarda o‘sadi, biroq uning vatani yangi Gvineya va Okeaniya hududi hisoblanadi. U haqida XVII asrda ingliz dengizchilari sabab bilishgan. Dengizchilar mahalliy aholi g‘aroyib daraxt mevasini non o‘rnida yeyishni hayrat bilan kuzatishgan. Ana o‘shanda matroslar o‘simlikning ko‘chatini olib ketib o‘z o‘lkalarida ekishgan. Biroq bundan yaxshi natija chiqmadi. XVIII asrda uni Yamaykada o‘stirishga muvaffaq bo‘lishdi. Mazkur o‘simlik mevalari qullarni boqishdagi asosiy mahsulotga aylandi.
Non daraxtining poyasi va shoxlari yo‘g‘on, u tez o‘sadi va balandiligi 25 metrgacha yetishi mumkin. Mevalarning uzunligi 30-35 sm.ga, vazni esa 4-5 kg.ga teng. Tashqi ko‘rinish jihatidan qovunga o‘xshab ketadi. Non daraxti bir necha oy davomida suvsizlikga chidashi va 40 daraja issiq haroratni ko‘tarishi mumkin.
Eng qiziqarlisi shundaki, bu o‘simlik 9 oy davomida meva beradi. 70 yil davomida har yili bir daraxtdan 600-700 tagacha meva olinadi. Yuqorida aytilganidek, non daraxti mevalari kulinariyada ham qo‘llaniladi: qovuriladi, qaynatialdi, un kabi yanchiladi va xomligicha iste’mol qilinadi. Tamiga ko‘ra kartoshkani eslatadi.
Shunga qaramay ular juda tez ayniydi. Shuning uchun uni qisqa vaqt ichida yeyish ma’qul. Biroq u quritilsa ancha uzoq saqlanadi.
Daraxtning qolgan qismlari xo‘jalikda keng qo‘llaniladi: barglari bilan uy hayvonlari boqiladi urug‘i esa qovuriladi.
Manbaaa UzBaza.uz