Biz ham ancha gʻalvirdan oʻtdik…
Biz ham ancha gʻalvirdan oʻtdik,
Biz chekmagan hasrat qolmadi.
Umr xasga qalangan oʻtdek
Yondi, hech kim asrab qolmadi.
****
Ashkbodaga yuzimiz chayib
Ketaverdik, ruhimiz mayib.
Biz ketganda na yer kengayib
Na osmonlar pastlab qolmadi.
****
Izladik, har dilni toptadik
Bitta ham yurakdosh topmadik.
Siynamizda qoldiyu hadik,
Qalbimizga mos qalb qolmadi.
****
Hamma hislarimiz shahvoniy,
Uddalay olmadik taqvoni.
Yengmoqqa dintarosh dunyoni
Ishqdan boʻlak mazhab qolmadi.
Umarjon Ximmatov,
Samarqand davlat universiteti
filologiya fakulteti talabasi

