Samarqand davlat universiteti raqamli texnologiyalar fakulteti talabasi Mahbuba Salimova «O‘zbekiston yoshlari forumi – 2021» tadbirida qatnashdi. Bunda ishtirokchimiz ijtimoiy himoyaga muhtoj va imkoniyati cheklangan fuqarolarga mahallalarda panduslarni hamda ko‘zi ojizlar uchun piyodalar yo‘lakchasida bo‘rtma yo‘lakchalarni tashkil etish taklifini ilgari surdi.  

    - Forumda ikki yuz nafar nomzod o‘z takliflari bilan ishtirok etdi. Aynan shularning orasidan yigirma kishining taklifi har bir yo‘nalishlar bo‘yicha inobatga olingani meni juda quvontirdi, - deydi talaba Mahbuba Salimova. – Bu g’oyani ilgari surishimdan asosiy maqsad, imkoniyati cheklangan va ko‘zi zaif ko‘ruvchilarning yo‘lini yaqin va bexatar qilishdan iborat. Saralanganlarning taklifi yuqori tashkilot tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.  Bundan tashqari eng quvonarlisi, forum sababli deyarli bir-birimizni tanimaydigan ishtirokchilar bilan tanishdik, fikr almashdik. O‘zim uchun kerakli ma’lumotlarga ega bo‘ldim. Qaysidir ma’noda forumdan ruhlandim.  Bir qator kamchiliklarim ustida ishlashim kerak ekanligiga amin bo‘ldim. Tadbir so‘ngida ishtirokchilar qatori menga ham “Yoshlar elchisi” maqomi berilganligi keyingi faoliyatimni yanada yaxshilashiga xizmat qiladi. Bu kamtarona yutuqlarimga SamDU Start up loyihalarini qo‘llab-quvvatlovchi inkubatsiya markazi va raqamli texnologiyalar fakulteti o‘qituvchilarining xizmatlari beqiyos.

Behruz Shamsiddinov

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi

Shavkat Akramov olgan suratlar