Rosti, taroziga juda koʻp soldim…
Rosti, taroziga juda koʻp soldim,
Aslida qiymati kepak dunyoning.
Va shuni angladim: yashashdan oldin
Puxta oʻzlashtirish kerak dunyoni.
****
Anglashga urindim yetgancha qurbim,
Ishqning hisobiga falsafa qurdim.
Qonmadim hech qaysi jilvagar hurdin ―
Xullas, sevolmadim kesak dunyoni.
****
Shaklim: ikki oyoq, ikki qoʻl badan,
Umidvor turarkan mudom oʻljadan.
Mitti jigʻildonim bilan oʻlchadim
Nafsimning xoʻragi ― yemak dunyoni.
****
Valekin qay mezon, qay bir xulosa
Qani endi koʻnglim toʻldira olsa...
Bildimki, mushkildur qilmoq murosa,
Anglash mumkin emas, demak, dunyoni!
Umarjon Ximmatov,
Samarqand davlat universiteti
filologiya fakulteti talabasi

