Agrobiotexnologiya va oziq-ovqat xavfsizligi fakulteti talabalarining birinchi forumi o‘tkazildi
Samarqand davlat universiteti agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi fakultetida “Siz va biz – barchamiz iqtidorlimiz” shiori ostida fakultet talabalarining birinchi forumi o‘tkazildi.
Forum ko‘tarinki va noan’anaviy ruhda o‘tdi. Undan asosiy maqsad talabalarni puxta bilim egallash orqali muvaffaqiyatlarga erishish mumkinligini ko‘rsatish, o‘z iqtidor hamda qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Tadbir yuqori kayfiyatda boshlandi. Uni fakultet dekani, dotsent Toshpo‘lot Rajabov ochib, talabalarni birinchi forum bilan tabrikladi.
Samarqand davlat universiteti xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Muxtor Nosirov yoshlarga o‘zining samimiy tilaklarini yo‘llab, ularni ko‘proq chet tillarini o‘rganishga va chuqur ilm olishga chaqirdi.
Shuningdek, forumda talabalarni tabriklash uchun fakultetning xorijiy hamkorlari ham ishtirok etdilar. AQShning Yuta davlat universiteti, Turkiyaning Anqara universiteti va Yaponiyaning Tottori universitetlari professor-o‘qituvchilarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqishlari va yo‘llagan motivatsion tabrik so‘zlari talabalarni behad quvontirdi, ularga katta kuch va ruhiyat bag‘ishladi.
Forum doirasida “Fakultet drayverlari” tanlovida e’lon qilingan turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib deb topilgan iqtidorli va tashabbuskor talabalar tantanali ravishda Sertifikat va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Talabalar tomonidan tayyorlangan turli sahna ko‘rinishlari barcha ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Birinchi marta o‘tkazilgan forum talabalarda katta taassurot qoldirdi. Fakultet dekani, dotsent Toshpo‘lot Rajabovning ushbu forum keyingi yillarda fakultetning doimiy an’anasiga aylanishi haqidagi taklifi talabalar tomonidan bir ovozdan qo‘llab quvvatlandi.









Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.
Shavkat Akramov olgan suratlar.

