Samarqand davlat universiteti va Ferkensco menejment kompaniyasi (Kipr) hamkorlik aloqalari o‘rnatildi
Samarqand davlat universitetiga Ferkensco menejment kompaniyasi direktori Temur Jo‘rayev va Aleksandr Sidelnikov boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Bundan asosiy maqsad “Samarqandkimyo” AJ korxonasini qayta ishga tushurish uchun SamDU bitiruvchilarini ishga jalb qilishdir. Muzokoralar davomida mazkur kelishuv yuzasidan memorandum imzolandi. Unda kimyo-texnologiya, agrokimyo va kimyo yo‘nalishida tahsil oluvchi talabalarning o‘quv rejalarini birgalikda tuzish, FERKENSCO MANAGEMENT LIMETED (Kipr) kompaniyasi mutaxassislarini dars jarayonlariga jalb etish va ma’ruzalar tashkil qilish nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, ishlab chiqarish amaliyotini to‘liq “Samarqandkimyo” AJ korxonasida olib borish belgilangan. Keyinchalik korxonada ishlab chiqarish batamom yo‘lga qo‘yilgandan so‘ng, SamDU raqamli texnologiyalar, inson resurlarini boshqarish, biologiya yo‘nalishidagi bitiruvchilarni ham ishga jalb qilish rejalari tuzildi.
- Samarqand davlat universiteti jahon oliy o‘quv yurtlari orasida o‘zining alohida nufuziga ega. Shu sababli ham biz mazkur universitetni tanladik, - deydi delegatsiya rahbari o‘rinbosari Aleksandr Sidelnikov. – Men tahsil olgan Ivanovo kimyo-texnologiyalar universiteti SamDU bilan bir necha yildan beri hamkorlik qilib kelmoqda. Korxona ishchi-xodimlariga magistratura mutaxassisligi uchun sirtqi ta’lim shaklida o‘qishni tatbiq qilmoqchimiz. Korxonani ishga tushurish uchun hozirda 100 nafar mutaxassis faoliyat olib bormoqdamiz. 2023-yilning iyun oyiga qadar bu ko‘rsatkich 1200 nafar bo‘lishi rejalashtirilgan.
- Bugun hamkorlikda erishgan yutuqlarimiz talabalarimiz uchun bir qator imkoniyat eshiklarini ochadi. Bu borada samarali ishlarni olib boramiz, - deydi Samarqand davlat universiteti o‘quv-ishlari bo‘yicha prorektor Ahmadjon Soliyev. - Shu bilan birgalikda o‘quv rejalarini amalga oshirish, korxona qoshida ilmiy laboratoriyalar ochishni o‘z oldimizga maqsad qildik. Ishlab chiqarish korxonasida o‘quv tijorat markazini yaratishni ham amalga oshirmoqchimiz.
Samarqand kimyo zavodi 1950-yildan 2019-yilga qadar o‘z faoliyatini yuritgan. Ma’lum sababalarga ko‘ra ishlab chiqarish to‘xtatilgan. Endilikda bu korxona qayta ishga tushirilib, tarkibida NPK (azot, fosfor, kaliy) kabi ozuqa elementlari saqlagan kompleks va MAP (monoammoniyfosfat) o‘g‘itlari ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi. Bu qishloq xo‘jaligi ekinlaridan yuqori hosil olish uchun asosiy mineral o‘g‘it hisoblanadi. Shu bilan birgalikda tuproq unumdorligini oshirishda xizmat qiladi. Korxonada bir yilda 540 ming tonna NPK va 370 ming tonna MAP, suyuq ammyak yetishtirish yillik quvati 160 ming tonna, sulfat kislota 800 ming tonna, fosfat kislota esa 280 ming tonna ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.












Noryigit Musulmonov
Samarqand davlat universiteti
kimyo fakulteti dekani, dotsent
Shavkat Akramov olgan suratlar.

