Samarqand davlat universiteti raqamli texnologiyalar va matematika fakultetiga Shimoliy Kavkaz federal universiteti strategik rivojlanish bo‘yicha prorektori Nikita Avralev boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Bundan asosiy maqsad ilmiy aloqalarni yanada kuchaytirish hamda ikki tomonlama kadrlar almashinuvini yo‘lga qo‘yishdir.

    Delegatsiya a’zolari ikki kun davomida Samarqand davlat universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari bilan o‘quv-seminarlari o‘tkazdi.

    Seminar davomida Shimoliy Kavkaz federal universiteti matematika va kompyuter ilmlari fakulteti dekani Anatoliy Alixanov va hisoblash matematikasi hamda kibirnetika kafedrasi dotsenti Mihail Bobenko ilmiy ma’ruzalari bilan qatnashdi. Unda “Kasrli differensial tenglamalar va ularni yechishning son usullari” va “Tarqalgan muhitlarda shifrlangan ma’lumotlarni qayta ishlashning matematik modeli, usullari va algoritmlari” mavzulari bo‘yicha fikrlar almashildi.

    Seminarning ikkinchi kunida raqamli texnologiyalar fakulteti professor-o‘qituvchilari hamda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bilan hamkorlikda maktablardagi aniq fanlar mutaxassislari uchun davra suhbati tashkil qilindi. Unda delegatsiya vakili, matematika va kompyuter ilmlari fakulteti matematik analiz, algebra va geometriya kafedrasi dotsenti Olga Rojenko “O‘quv jarayonini geymifukatsiyalash” mavzusida ma’ruza qildi. Seminar samimiy ruhda o‘tkazilib, dars jarayonlarida o‘quvchi yoshiga moslab turli xil qiziqarli o‘yinlardan foydalanib, dars o‘tish metodlari muhokama qilindi. Ularni asosan zamonaviy texnologiyalar yo‘nalishida ommalashtirish hamda amalga tatbiq qilish bo‘yicha tushuntirishlar berildi.

    Samarqand davlat universiteti raqamli texnologiyalar fakultetida “Virtual dasturlash” laboratoriyasini ochish yuzasidan ikki tomonlama hamkorlik memorandumini imzolash to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Bunda asosan jahon standartlariga mos dasturiy vositalar ishlab chiqarish va professional dasturchilarni tayyorlash maqsad qilingan. Shuningdek, muzokaralar davomida professor Anatoliy Alixanov va dotsent Mixail Bobenko fakultetdagi ikki nafar magistrant hamda doktarantni ilmiy rahbar bo‘lishga rozilik bildirib, mavzular yuzasidan tadqiqotchilar bilan suhbatlashdi.

    - Samarqand davlat universiteti ko‘p yillik tarixga ega ulug‘ dargoh. Buyuk mutafakkir va allomalar yetishtirgan maskanga tashrif buyurganimiz biz uchun ulkan sharaf, - deydi delegatsiya rahbari professor Nikita Avralev. – Shimoliy Kavkaz federal universitetidan aniq va ijtimoiy soha mutaxassisligi bo‘yicha SamDU talaba va magistrlari uchun universitet budjetidan bir qator o‘rinlar ajratganmiz. Bundan tashqari delegatsiyamiz tarkibidagi mutaxassislar universitetdagi olimlar bilan fikr almashish uchun o‘zaro tadqiqot ishlarini olib borishga tayyorgarlik qilib kelishgan.

    - Dunyo hamjamiyatida internet va raqamlashtirish sohalari muhim o‘rin tutadi. Ayni paytda dunyoni elektron texnika va texnologiyalar boshqarayotgani sir emas, - deydi raqamli texnologiyalar fakulteti dotsenti Usmon Shodiyev. –  Kuchli mutaxassislar uchun kundan-kunga talab oshmoqda. Bu kabi xalqaro hamkorlikga erishishimiz yetuk kadrlarni tayyorlashga asos bo‘ladi. Ayniqsa, Samarqand davlat universitetining ilmiy reytingini ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shimoliy Kavkaz federal universitetidagi hamkor mutaxassislarning tadqiqotchilarimiz uchun universitet budjetidan o‘rin ajratgani tahsinga sazovor.

Abdusattor Boboyorov
Samarqand davlat universiteti
raqamli texnologiyalar fakulteti dekani, dosent