Samarqand davlat universiteti xalqaro ta’lim dasturlari fakulteti professor-o‘qituvchilari bilan Seul Milliy universiteti olimi Matlabjon Sattorov bilan onlayn seminar bo‘lib o‘tdi. Bunda ikki tomonlama oliygohlar hayoti tanishtirilib, yutuq va kamchiliklari muhokama qilindi. Bunda asosiy maqsad o‘quv yurtlari reytingi va ta’lim sifatini  oshirish hamda talabalar ilmiy faoliyatini takomillashtirish masalalariga qaratildi.

    - Men Samarqand davlat universiteti fizika fakultetida tahsil olganman. Bu yerda o‘n yilga yaqin ilmiy faoliyat olib borganman, - deydi professor Matlabjon Sattorov. – Hozirda Seul Milliy universitetida 2005-yildan boshlab bir qator tadqiqotlarni amalga oshirib, professor darajasiga erishdim. SamDU faoliyati men uchun juda tanish va qadrli. Yildan-yilga bo‘layotgan o‘zgarishlarni ko‘rib, o‘zimcha taqqoslayman. Ayniqsa, xalqaro ta’lim dasturlari fakultetining tashkil topganligi va darslar chet tillarda olib borilayotganligi tahsinga sazovor.  Shuningdek, talablarning ikki yil qo‘shma ta’lim dasturlari asosida xorijiy davlatlarning nufuzli oliygohlarida tahsil olishlari yurtimiz uchun yetuk kadrlarni yetishtirishda xizmat qilmoqda.

    Seminar davomida professor Matlabjon Sattorov tomonidan universitet reytingi va ilmiy salohiyatini ko‘tarish uchun kerakli tavsiyalar berildi. Xususan, iqtidorli talabalar uchun xorijiy oliy ta’limdagi professor o‘qituvchilarni ilmiy rahbar sifatida biriktirilishi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, bu borada Seul Milliy universiteti hamkorlik olib borishga rozi ekanligini bildirdi.

Akmal Axatov

Samarqand davlat univeriteti

Tabiiy va aniq fanlar kafedrasi mudiri, professor

Shavkat Akramov olgan suratlar.