Samarqand davlat universiteti tarix fakulteti talabalari o‘rtasida “Diplomatiya bu – kuch va san’at” mavzusida intellektual bilimlar bellashuvi bo‘lib o‘tdi.

          Ushbu tanlov o‘z oldiga talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, mustaqil ta’lim mavzularinining ahamiyati va samaradorligini yanada oshirishni maqsad qilib olgan.

          Tanlov ko‘tarinki va samimiy ruhda boshlandi. Uni Samarqand viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Xurshid Ochilov ochib, diplomatiya bugunning eng muhim va kerakli sohasi ekanligini alohida ta’kidladi. Talabalarni ushbu yo‘nalishni mukammal o‘rganishga chaqirib, ishtirokchilarga omad tiladi.

          Shuningdek, jahon tarixi kafedrasi mudiri, PhD Shohista Hamroqulova universitetimizda talabalarning mustaqil ta’lim olishlariga alohida e’tibor qaratilishi, bellashuv ularda shu ko‘nikmani shakllantirishda muhim rol o‘ynashi haqida aytib o‘tdi.

          Talabalar tanishtiruv, badiiylashgan sahna ko‘rinishi, bilimlar bellashuvi deb nomlangan 3 shart asosida bellashdilar.

          Qiziqarli badiiy chiqishlar ishtirokchilarga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishladi.

          Yakunda 1-o‘rinni 203-guruh talabalaridan iborat “Senatorlar” jamoasiga egalladi.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.

Shavkat Akramov olgan suratlar.