Psixolog maslahati
Savol:
Men tez asabiylashaman, sal narsaga jahlim chiqadi va ta’sirchanman. Oilamda ham shunaqa muhit hukumron. Bu men uchun ko‘p muammolarga olib kelishiga sababchi bo‘laman. Buni bartaraf etish uchun nima qilish kerak?
Anonim
Javob
Sizning vaziyatingizni tahlil va mulohaza qilib ko‘rish orqali, sizdagi asabiy holatning sababi taxminan oilangizda deb o‘ylayapman. Sizning yoshingiz, ish joyingizdagi, oilangizdagi muhitni bilmay turib, aniq tashxis qo‘yish qiyin. Lekin sizga yetarlicha tavsiya berishga harakat qilaman.
Birinchi navbatda sizni asabiylashishga olib keluvchi muammoning asl sababini aniqlashingiz lozim. Shundan keyin esa, muammoga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan holda yechishga intiling. Aslida muammo bu o‘zingiz ham bo‘lishingiz mumkin, chunki negativ energiya, negativ kayfiyat yuquvchan bo‘ladi. Sizdagi yomon kayfiyat oilangizga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qo‘ymaydi. Siz bergan negativ energiya aks sado kabi o‘zingizga qaytib kelishi mumkin. Avvalo uyquga, o‘z vaqtida ovqatlanishga, ish va o‘qish jarayonidagi tartib intizomga rioya qiling! Zero, notinch uyqu ham asabga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Bundan tashqari o‘z vaqtida ovqatlanmaslik, yoki kasbiy faoliyatingizdagi nokompetentlik, sizdagi o‘ziga xos ishonch hissini yo‘qolishiga sabab bo‘ladi. Natijada hech bir ishingiz o‘xshamaydi, rejalaringiz amalga oshmaydi. Bu esa albatta depressiya, tushkunlikka sabab bo‘ladi. Birinchi navbatda oilangizdagi muammolarni hal qiling, zero oila bu sizga motivatsiya beruvchi, sizni qo‘llab turuvchi mehr maskani bo‘lishi lozim. O‘zingizga chetdan baho berib ko‘ring. O‘zingizga nima uchun degan savolni bering. Agar, sizda o‘zingizga to‘g‘ri baho berish kompetensiyasi bo‘lsa, asl muammoni topa olasiz va bu sizdagi muamolarni hal qilishdagi birinchi qadam bo‘ladi.
Dildora Sulaymonova
Samarqand davlat universiteti
Psixologiya nazariyasi va amaliyoti kafedrasi o‘qituvchisi

