Samarqand davlat universiteti dotsenti Rohila Ro‘zmonovaning shu mavzudagi monografiyasi Germaniyaning Lambert nashriyotida chop etildi.

    O‘zbek adabiyoti va uning  mumtoz namoyandalari ijodi faqat Markaziy Osiyoda emas, balki Sharq va Gʻarb mamlakatlarida ham  katta e’tibor qozonib kelgan. Xususan, Nizomiddin Amir Alisher Navoiyning  asarlari shoir o‘z hayotligi davridayoq Sharq mamlakatlari va Yevropaga tarqalgan edi.

    Ulug‘ shoir asarlarining yuksak g‘oyaviy-badiiy  ta’siri  doirasidan kichik  osiyolik turkigo‘y  mualliflar ham chetda  qolmaganlar. Jumladan, Alisher Navoiy g‘azallaridan ilhomlanib Fuzuliy, Ahmad Posho, Ulviy, Ja’far Chalabiy, Mehri Xotun, Shamiy Dada kabi 70ga yaqin usmonli turk shoir, shoira va hukmdor ijodkorlari naziralar bitishgan hamda shu orqali turk mumtoz she’riyatining yangi taraqqiyot davrini boshlab berishgan. Shu tariqa Navoiy tufayli turk she’riyati taraqqiyoti tarixida yangi bir davr boshlandi. Bu Navoiy ijodining jahonshumul ahamiyatidan darak beruvchi yana bir misoldir.  

    - Monografiya usmonli turk adabiy hayotida Alisher Navoiy ijodining o‘rni va XV asr oxiri – XVI asr boshlarida shoir merosi namunalarining Turkiyaga kirib kelishi tarixi, usmonli turk shoirlarining Navoiy ijodidan ilhomlanish samaralari tadqiqiga bag‘ishlanadi, - deydi SamDU filologiya fakulteti dotsenti Rohila Ro‘zmonova. - Shuningdek, ushbu monografiyada usmonli turk lirik she’riyati xususiyatlari, XV asr oxiri – XVI asr boshlarida ijod etgan usmonli turk lirik she’riyati namoyandalari va she’riyat janrlari yoritilgan. Turk adabiyoti tarixida o‘ziga xos mavqeiga ega, iste’dodli shoirlardan biri bo‘lgan Ahmad Posho Alisher Navoiy ijodidan  ilhomlanib naziralar yozgan ilk usmonli turk shoiri hisoblanadi. Shu bois, ushbu monografiyada Alisher Navoiy ijodining usmonli turk she’riyatiga ta’siri Ahmad Posho ijodi  bilan qiyoslab yoritilgan. Ahmad Poshodan keyin esa Navoiy “tarzi” va “uslubi”da ijod qilgan shoir, tarixchi va dengizchi olim Saydi Ali Rais Kotibiy g‘azallari qiyosiy o‘rganilgan.

Behruz Shamsiddinov

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi