Sport faoliyati va san’at fakulteti talabasi Jasur Aliyevning ijodiy ko‘rgazmasi o‘tkazildi

Samarqand davlat universiteti sport faoliyati va san’at fakulteti talabasi Jasur Aliyevning “Ijod sehri” nomli rasmlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni SamDU dotsenti Nigina Mullajonova ochib, Jasur Aliyevning ijodiy ko‘rgazmasi haqida alohida ma’lumot berdi. Ko‘rgazmada 50 ga yaqin turli xil tabiat manzaralari, natyurmort, portret yo‘nalishlarda chizilgan rasmlar namoyish etildi.
- O‘g‘lim yoshligidan rasm chizishga qiziqar edi. Ko‘pincha u gullar tasvirini chizgan, - deydi Jasurning otasi Kamoliddin Aliyev. – Hozir u o‘zining dastlabgi ko‘rgazmasini o‘tkazyapti. Ko‘rib turibman, Jasur juda ham hayajonda. Bilasizmi, men o‘g‘limni Samarqand davlat universitetiga o‘qishga kirganida juda xursand bo‘lganman. U haqiqiy erkin ijodiy muhitda tahsil olmoqda. Bugun yana bir bor buning guvohi bo‘ldim. Men o‘g‘lim bilan faxrlanaman.
- Rasm chizish men uchun eng sevimli mashg‘ulot. Men hattoki, beshikdagi jiyanlarimni ham rasmini chizib chiqqanman, - deydi Jasur Aliyev. - Umuman mening rascom bo‘lishimga kollejda o‘qiyotgan paytim qarshi chiqishgan. O‘shanda o‘qituvchim mendan rassom chiqmasligini aytgan. Bu menga og‘ir botgan. O‘shandan so‘ng men bu ish bilan jiddiy shug‘ullana boshladim. Samarqand davlat universitetida ustozlarimiz bilan ko‘p mehnat qildik. Ularning samarasi o‘laroq bugun ilk ijodiy ko‘rgazmam o‘tkazilmoqda. Ushbu ko‘rgazmani tashkil etishda meni qo‘llab-quvvatlagan universitetimizga minnatdorlik bildiraman.
Ko‘rgazma samimiy, ko‘tarinki ruhda davom etdi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.
Shavkat Akramov olgan suratlar.