Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti talabasi Shahrizod Shodiyev ijodidan
QO‘RQINCH
Erk va'dasi qullarga tegar,
Baxt va‘dasi baxti yo‘qlarga.
Boshini tik tutganlar egar,
Ochlik qo‘rqinch qorni to‘qlarga.
***
Malaybozor, yalinchli gaplar,
Halollikdan bong urar o‘g‘ri.
Panalaydi mardlik deganlar,
Pastlab kelar laychalar, to‘g‘ri.
***
Qishloqilar shaharga shoshar,
Shahar ko‘rgan o‘zga elatga.
Shu tariqa dovonlar osha
Aybmas, do‘nib bo‘ldi illatga.
***
Kambag‘allik oliy maqomdir,
Shukr qil, deb jar solar boylar.
Qamoq yashash uchun imkondir,
Qo‘lingnimas, tilingni boylar.
***
Boshidan bir sanab o‘tayin,
Erk qullarga, baxtsizlarga baxt.
Men ham buni yozdim atayin,
Tilsizlarni so‘z qilar karaxt.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati

