Psixolog maslahati

Savol:
Men oxirgi paytlarda turmush o‘rtog‘im bilan kelishmay qolyapman. Bir nafar farzandimiz bor. E’tibor va yordam kutaman. Uyga kelgach men bilan suhbatlashib, holimni so‘rasa, ishlarimda yordamlashsa deyman. Ayni vaziyatda men ham rivojlanib o‘qishni, ilm bilan shug‘ullanishni istayman, Uydagi ishlar, farzandimga qarash, qo’shimcha darslarim vaqt qoldirmaydi. Turmush o‘rtog‘im esa, videolar ko‘rish bilan ovora. Bu mening jahlimni chiqaradi, alamimni keltiradi. Men kutgan hayot bu emas edi, men rivojlanishni, yordam berishlarini istayman. Men tasavvur qilgan yor ham unaqa emasdi. Aslida sevishib turmush qurganman, lekin men kutgan e’tibor va yordamni ololmayapman. Xayolimga qaynotamdan uyimga ketishga ruxsat so‘rasammi, qaynonamga kelisholmayotganimizni aytsammi, deb o‘ylab qoldim. Bu kabi gaplarni aytishdan qo‘rqaman, chunki ota-onam ko‘tara olishmaydi. Nima qilsam bo‘ladi, charchadim bunaqa befarq erdan?
Dunyo rivojlanib yangiliklar qilinayotgan vaqtda men ortda qotib qolishni, miyyamni deduksiyaga uchrashini istamayman. Bolamni juda yaxshi ko‘raman, unga har kuni yangi narsalar o‘rgataman, rejalar tuzaman. Menga xo‘jayinim o‘zidan bilib qarashsa, yordam bersa edi. Xorijiy filmlarning ko‘p guvohi bo‘lganman, turmush o‘rtog‘i doim yordam beradi, qarashadi, ma’suliyatli bo‘ladi. Xo‘jayinim esa teskarisi, go‘yo yosh boladay tutadi o‘zini. Qilgan ishi pul topish, film ko‘rish. Bularning hammasi zerikarli hayotday tuyiladi, chunki har kuni bir xil hayot, o‘zgarish yo‘q. Uydagilar meni baxtli deb hisoblashadi, o‘zimni shunday namoyon etaman, ularni tinchini buzishga ham qo'rqaman. Magistraturaga kirib, turmushga chiqqan edim. Ammo turmushga chiqib, qaynotam yordami tufayli ko'p narsaga erishdim, shularni o‘ylayman.
anonim
Javob:
Har kim o‘zicha haq. Har kimning o‘z haqiqati bor. Haq ekanligingizni isbotlab, g‘olib bo‘ldim, yutib chiqdim deb xursand bo‘lmang. Har qanday holatda birinchi bo‘lish istagi, men zo‘rman degan shior bilan yashaydigan insonlar doim hayotda kurashib yashovchi insonlardirlar. Bunday insonlar doim kurashadilar, ammo hech qachon hayotlarida kurash tugamaydi. Ularni qabul qiling, vaziyatga bosh eging va tanlovlarini hurmat qilib, astoydil yashang. Shunda haqiqiy g‘olib siz bo‘lasiz, unutmang!
Sizda eng katta noto‘g‘ri fikrlash bor. Birinchisi, “Xayolimga qaynotamdan uyimga ketishga ruxsat so‘rasammi, qaynonamga kelisholmayotganimizni aytsammi, deb o‘ylab qoldim, o‘zim lekin qo‘rqaman”. Ikkinchisi, “charchadim bunaqa munosabatdan ham, bunaqa befarq erdan ham”.
Bu fikrlardan shu bugun voz keching, ertaga emas.
Erkak kishini muvaffaqiyati ham, muvaffaqiyatsizligi ham ayol kishiga bog‘liq. Xalqimizda erni er qiladigan ham, qaro yer qiladigan ham xotin, deb bejizga aytishmaydi.
Turmush o‘rtog‘ingiz sizga qaramayaptimi yoki siz qarata olmayapsizmi?!
Turmush o‘rtog‘ingizni ishlari yurishib, daromadi oshib, hurmat qozonishini, sizga vaqt ajratishini istasangiz, uni ruhlantirishni o‘rganing.
Ertalabdan turmush o‘rtog‘ingiz maza qilib ichadigan ichimlik (kofe, choy, limon choy, turli damlamalar va hatto suv)ni mehr va e’tibor bilan tayyorlab bering. Ertalabdan ruhlantirishning birinchi qadami mana shudir.
Shunchaki avtomatlashtirilgan tarzda xayolingiz farzandingizda, ishingizda yoki kecha internet tarmoqlarida ko‘rgan ko‘ylakda bo‘lib choy damlab berishingiz hisobga o‘tmaydi.
Har doim insonlarni yaxshi tomonini ko‘rishga odatlaning.
Insonlarni yaxshi va yomonga ajratmaslik lozim, chunki xayolan yomon deb o‘ylaganingiz yanada yomon ko‘rinaveradi. Kimnidir yomon ko‘rishdan oldin o‘ylab ko‘ring, siz xafa bo‘lgan inson shu ishni bilib qilmagandir.
Balki, bu orqali siz rivojlanish yo‘lini tanlagandirsiz. Bunga esa to‘la to‘kis oila bilan erishish eng katta g‘alabadir. Siz har qanday vaziyatda muhabbatli, bag‘rikeng, dilkash bo‘ling. Sababi har birimiz yaratguvchining suyukli insonimiz.
Nafrat, g‘azab, og‘riq, alam, aybdorlik bilan qalbingizni, ongingizni, vujudingizni va ruhiyatingizni qiynamang. Alloh bergan suyukli farzandingiz taqdiri hamma narsadan ustun ekanligini esdan chiqarmang. Siz shunday bo‘lingki, xo‘jayiningiz siz farishtadek ayolning oldida film, ijtimoiy tarmoqlarga qayrilib ham boqmasin. Xullas, gapiraman desak, gap ko‘p. Oiladagi o‘zgarishni o‘zingizdan boshlang. Hali charchab qoladigan yoshda ham sharoitda ham emassiz.
Agar ichingizda qo‘rquv mavjud bo‘lsa, hayot sizni qo‘rqitadi. Ichingizda agressiya mavjud bo‘lsa, hayot sizga “tashlanadi”. Ichingizda kurashish xohishi mavjud bo‘lsa, hayot sizga raqiblar beradi. Sizda aybdorlik hissi mavjud bo‘lsa, hayot sizni “jazolayveradi”. Sizda xafalik hissi mavjud bo‘lsa, hayot sizga yanada ko‘proq hafa bo‘lishingiz uchun sabablar tortiq etadi. Bularning hammasidan maqsad: sizning aslida kimligingiz va qalbingizda nima borligini ko‘rsatishdir. Hayot sizni qalban qanday bo‘lsangiz, shunday ko‘radi. Hayotga va atrofdagi odamlarga o‘zimizni qanaqa ko‘rsatishga harakat qilayotganimizni emas, aslida qandayligimizni ko‘radi.
Yengil-yelpi narsalar uchun siqilmang, bugun yashang, chunki kecha endi yo‘q. Ertaga kun bo‘ladi yoki yo‘q. Hammaning o‘z haqiqati bor va ular sizniki bilan to‘g‘ri kelmasligi mumkin...
Hayotda eng muhimi, mehr, qadr-qiymat, diydor, muhabbat, qolgani esa.. barchasi Shuhratparastlik...
Insonning muammosi faqatgina uning qalbida bo‘ladi. Har bir umringiz lahzasidan zavq olishga harakat qiling. Doim shuni yodda tuting-ki, bu dunyoda sizning ikkinchi hayotingiz bo‘lmaydi. Va’dalarga emas, his qilayotgan tuyg‘ularingizga ishoning. Kayfiyatingizni tushirmang, biling-ki, bugungi kun hayotingizdagi eng yaxshi kun bo‘lishi mumkin. “Bolamni juda yaxshi ko‘raman, unga har kuni yangi narsalar o‘rgataman, rejalar tuzaman”. debsiz. Ana shu Ollohning ne’matini ota mehriga zor bo‘lib, o‘sishini tasavvur qilib ko‘ring. Undan katta gunoh, katta ma’sumlik yo‘q. “Chet el filmlarda, ko‘p guvohi bo‘lganman”, bunday hol o‘zbeklarda ham bor. Uni yaratish o‘z qo‘lingizda. Men o‘z farzandiga befarq otaning mavjudligiga ishonmayman. Siz shunday yo‘l tutinki, toki u hayot sizsiz sariq chaqadek tuyulsin. Buyuk shoirimiz bitgan “Saidasiz Said Ahmadlar” jumlali she’rini o‘qing, badiiy adabiyot mutolaa qiling. O‘qimishli ayolsiz kelajagingiz rejasin ulkan niyatlar bilan tuzing.
Muxtasam Sulaymonov
Samarqand davlat universiteti
psixologiya nazariyasi va amaliyoti kafedrasi o‘qituvchisi