Kun.uz saytida e’lon qilingan maqola yuzasidan

    Xo‘sh, aslida nima bo‘lgan edi? Keltirilgan vajlar o‘rinlimi? Matematika fakultetidagi nazoratlar tegishli tartib va Nizomlarga muvofiq tarzda tashkil etilganmi?

    Samarqand davlat universiteti rektorining mazkur masala yuzasidan “Ishchi guruh tashkil etish va monitoring o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishi bilan boshqa oliy ta’lim muassasalari mutaxassislaridan iborat Ishchi guruh tashkil etildi va maqolada keltirilgan vajlar batafsil o‘rganib chiqildi.

    Ishchi guruh tomonidan baho va talabalar tomonidan yozilgan yozma ishlar muvofiqligi tahlil qilindi hamda quyidagi xulosalarga kelindi:

    3-kurs, 310-guruh talabasi Jo‘rabek Otabekov haqiqatan ham Nazariy mexanika fanidan 2021-yil 11-oktabrda ikkinchi marta qayta topshirgan yozma ishining 1, 2, 3, 4 - savollariga yozgan javoblar yuqorida keltirilgan baholash mezonlari asosida to‘g‘ri baholangan. 5-savolga esa javob keltirilmaganligi uchun ushbu savol baholanmagan. Talaba yozma ishda savollar raqamiga ham qat’iy amal qilmagan. Jo‘rabek Otabekovning yozma ishi universitet tomonidan tasdiqlangan baholash mezonlariga muvofiq to‘g‘ri baholangan.

    3-kurs, 310-guruh talabasi Azamat Axrorov haqiqatan ham Nazariy mexanika fanidan 2021-yil 11-oktabrda ikkinchi marta qayta topshirgan yozma ishining 1, 2, 3 - savollariga yozgan javoblar yuqorida keltirilgan baholash mezonlari asosida to‘g‘ri baholangan, ammo baholash jarayonida baholar texnik sabablarga ko‘ra bo‘yalgan. Baholar bevosita yozma ishni tekshirish jarayonida yuz berganligini oxirgi umumiy natijaning o‘zgarmaganligi ham tasdiqlaydi. 4-savolga javob keltirilmagan, shuning uchun bu savol baholanmagan. 5-savolga keltirilgan javobda tasdiqlar to‘g‘ri bo‘lganligi uchun bu savolga javoblar o‘qituvchi tomonidan 18 ball bilan baholangan. Azamat Axrorovning yozma ishi universitet tomonidan tasdiqlangan baholash mezonlari asosida to‘g‘ri baholangan.

    Shuningdek, ishchi guruh 310-guruhning Nazariy mexanika fanidan o‘tkazilgan yozma ishlarning natijalari qayd qilingan 8b-shakl qaydnomani tegishli tartibda o‘rganganda, haqiqatdan ham ushbu qaydnomaga baholar dastlab qalam bilan qo‘yilganligi va o‘chirilganligi, keyin ruchka bilan yozma ishlardagi baholar ko‘chirilganligi aniqlandi. Qaydnoma skaner qilinganda yoki rasmga olinganida qalam o‘rnidagi baholar o‘zgartirilgandek tasavvur uyg‘otadi. Qaydnomadagi boshqa baholar yozma ishlardan to‘g‘ri ko‘chirilgan va baholar qaydnomada bo‘yalmagan. Qaydnomalar universitet o‘quv-uslubiy boshqarma boshlig‘i, fakultet dekani, kafedra mudiri va yakuniy nazorat ishlarini tekshirgan o‘qituvchi tomonidan imzolangan va fakultet kechki bo‘limining o‘quv ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari Sh.Qurbonovga topshirilgan. Sh.Qurbonov qaydnomada aniq baholar ruchka bilan qo‘yilganligini e’tiborga olib, qalam bilan qo‘yilgan va o‘chirilgan baholar ahamiyatga ega emas, deb hisoblagan va shu qaydnomaga asosan talabalar baholarini ularga e’lon qilgan.

    Matematika fakulteti dekani X.Ro‘zimurodov va dekanat mas’ul xodimlarini bildirishicha, yakuniy nazoratlarni ikkinchi marta ham muvaffaqiyatsiz topshirgan talabalar dekanatga joriy yilning 29-oktabrgacha ham yakuniy nazorat ishlari baholaridan norozi bo‘lib appelyatsiya arizasi bilan murojaat qilishmagan. Shundan so‘ng,  fakultet dekani X.Ro‘zimurodov 2021-yil 30-oktabrda belgilangan muddatlarda fanlardan qarzlarini topshira olmagan talabalarni kursdan kursga qoldirish to‘g‘risida universitet rektoriga bildirishnoma taqdim qilgan va rektor buyrug‘iga ko‘ra, talabalar kursdan qoldirilgan.

    Ishchi guruh xulosasiga ko‘ra, jarayonda o‘quv-me’yoriy hujjatlar, jumladan, yozma ish bo‘yicha baholarni rasmiylashtirish va uni qaydnomaga ko‘chirishda fan o‘qituvchisi (E.Ismoilov) tomonidan kamchilikka yo‘l qo‘yilgan. Holatni  fakultet dekani (X.Ro‘zimurodov) va dekan o‘rinbosari (Sh.Qurbonov)lar nazorat qilmagan, lavozim vazifalariga mas’uliyat bilan yondoshmagan. Shu bois, universitet rektorining tegishli (“Mehnat shartnomasini bekor qilish haqida”gi va “Hayfsan e’lon qilish haqida”gi) buyruqlari bilan qaydnoma va yozma ishlarda texnik xatolarga yo‘l qo‘yganligi, Nizom talablarini qo‘pol ravishda buzganligi uchun Nazariy va amaliy mexanika kafedrasi o‘qituvchisi E.Ismoilov egallab turgan vazifasidan chetlashtirildi, fakultet dekani (X.Ro‘zimurodov) va dekan o‘rinbosari (Sh.Qurbonov)ga hayfsan e’lon qilindi.

    Samarqand davlat universiteti rahbariyati talabalarga tahsil davomida o‘zlariga yuklatilgan vazifalarga astoydil mas’uliyat bilan yondoshib, fan dasturlarini talab darajasida o‘zlashtirib borishni tavsiya etadi. Zero, yuqoridagi maqolaning e’lon qilinishidagi omillardan biri – chuqur bilimga ega bo‘lmagan talabalarning murojaatidir.