Asaxiy.uz internet do‘koni asoschisi Firuz Allayev o‘z sahifasida Yangi yil bayrami uchun kitob sovg‘a qilishga chaqirdi.

    "Keyingi haftadan davlat organlari va turli xil tashkilotlarda bayram munosabati bilan sovg‘a alishish mavsumi boshlanadi. Avvalo, tashkilotlar bir-biriga sovg‘a jo‘natsa, keyin rahbariyat xodimlarga, xodimlar rahbariyatga sovg‘a jo‘natishadi. 
Men bayramga sovg‘a berish niyatidagi insonlarga murojaat bilan chiqmoqchiman. Sovg‘aning katta yoki kichigi bo‘lmaydi, lekin yaxshilik tilaydigan qadrlisi bo‘ladi. Shu uchun ham sizdan imkoniyatdan kelib chiqib boshqa mahsulot emas, kitob sovg‘a qilishni iltimos qilgan bo‘lardim. Bu bilan siz sovg‘a berayotgan insonga yaxshilikni, yaxshi qadriyatni tilagan bo‘lasiz. Kitob yeb tugatiladigan narsa emas, u sovg‘ani olgan insonga yillar davomida sizni eslatib turadi. 

    O‘zbekiston nashriyotlar shundoq ham og‘ir kunlarni yashashmoqda. Shunaqa vaqtda sovg‘aga kitob tanlab, ijtimoiy muhim bo‘lgan bir sohani qo‘llab quvvatlagan bo‘lasiz. www.asaxiy.uz da nafaqat o‘zimizning, balki boshqa nashriyotlar chop etgan 3500 xildan ortiq kitoblar sotiladi. Biz sovg‘angizni manziliga, kerakli odamning qo‘lida, hatto maxsus tilaklar bilan yetkazib berishimiz mumkin. 
    Men bo‘lsam loyiha rahbari sifatida sovg‘angizdan kelgan har bir so‘mni yana yangi kitoblar chop etishga sarflashga va’da beraman. Birgina sovg‘a bilan ham yangi kitoblar chiqishiga sababchi bo‘lasiz, ham sovg‘a oladigan insonga  yaxshilikni tilagan bo‘lasiz. 
    Unutmang kitob qadrli va to‘g‘ri qadriyat targ‘ib qiluvchi, kelajagimiz uchun muhim sovg‘a. 
    Iltimos, kerakli insonlarga yetib borishi uchun postni bo‘lishishdan tortinmang. Kimlardir keyingi yilda bir nechta kitobni o‘qib chiqishiga sababchi bo‘ling!" - deydi "Asaxiy Books" loyihasi asoschilaridan biri 
Firuz Allayev.