Samarqand shahridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va do‘stlik uyida xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan grant loyihalarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

    Bu yil birgina ushbu fondning o‘zi nodavlat notijorat tashkilotlari uchun oltita tanlov e’lon qilib, 1 milliard so‘m mablag‘ ajratdi. Shuningdek, nodavlat tashkilotlar respublika fondlaridan ham g‘olib loyihasi uchun mablag‘ olish imkoniga ega bo‘ldi.

    Bu tanlovda Samarqand davlat universiteti huzuridagi O‘zbekiston talabalari assotsiatsiyasi ham faol ishtirok etib, 30 million so‘mlik grantga sazovor bo‘lishdi.

    - Biz bu tanlova “Men ham talaba bo‘laman” loyihasi bilan ishtirok etdik. Loyihaning maqsadi yoshlarning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, kelajakda qaysi oliy ta’lim muassasasida ta’lim olishlari, qanday sharoitlar va o‘qish joylaridagi qulayliklar haqida ma’lumot berib, ekskursiyalar tashkil etishdan iborat, - deydi tashkilot rahbari Kamilla Mardonova. – Bundan tashqari uyushmagan yoshlarning imkoniyati va qiziqishidan kelib chiqib, bepul tadbirkorlik va fan to‘garagi tashkil etmoqchimiz. Shuningdek, abituriyentlarning nazariy bilimlarini o‘zlashtirish darajasi bilan birga mantiqiy fikrlashi, masala va misollarni bajara olish qobiliyati va ta’limning keyingi bosqichiga tayyorgarligini baholaydigan, kompetensiyaga asoslangan test topshiriqlari ishlab chiqmoqchimiz…

Sevinch Ulasheva

Samarqand davlat universiteti

Maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim fakulteti talabasi