Samarqand davlat universiteti Matematika fakulteti “Ehtimollar nazariyasi va matematik statistika” kafedrasi mudiri, fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent Xoliqulov Sirojiddin Izomiddinovich 2021-yil 15-dekabr kuni vafot etdi.

    Sirojiddin Xoliqulov umrining asosiy qismini universitetda, ilm uchun o'tkazdi. 
U 50 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi. Ilmiy ishlarining 10 dan ziyodi Rossiya, Ukraina, Germaniya kabi qator rivojlangan davlatlarning nufuzli  jurnal va to‘plamlarida chop etilgan. Uning tomonidan yozilgan 7 ta uslubiy qo‘llanma, 2 ta uslubiy ko‘rsatma nashr etilgan. 
Sirojiddin Xoliqulov rahbarligida hozirga qadar 10 dan ortiq bitiruv malakaviy ishlari va magistrlik dissertasiyalari himoya qilingan. 

    U o'z ma’ruzalarni yuqori ilmiy-pedagogik saviyada zamonaviy pedagogik va axborot informasion texnologiyalarni qo‘llab o‘qir edi. U o‘ziga yuklatilgan har bir vazifaga mas’uliyat bilan yondoshib, sidqidildan  vijdonan faoliyat ko‘rsatib kelgan. U kamtarin va to‘g‘ri so‘z, hamkasblari va do‘stlari uchun har doim yordamga tayyor edi. Mehribon va talabchanligi bilan universitet jamoasining hurmatini qozongan edi.
Kamtarin va oliyjanob inson Sirojiddin Xoliqulov butun hayoti davomida xalq, jamiyat oldidagi barcha vazifalarni ma’suliyat bilan yondoshib bajarib kelgan va yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishiga butun imkoniyat va sa’y harakatlarini sarflagan inson edi.

    Sirojiddin Xoliqulovning xotirasi qalblarimizda abadiy saqlanadi.

Haydar Ro'zimurodov,
Samarqand davlat universiteti
matematika fakulteti dekani, dotsent.