Samarqand davlat universiteti dotsentining monografiyasi Germaniyada nashr etildi…
Samarqand davlat universiteti dotsenti Badia Muhiddinovaning “Sayidahmad Vasliy Samarqandiy hayoti va adabiy merosi” deb nomlangan monografiyasi Germaniyaning Lambert nashriyotida chop etildi. Monografiya siyosiy jihatdan notinch, ma’naviy hayot tubdan o‘zgarib borayotgan, ma’rifat ko‘tarilayotgan bir davrda madrasada dars berib, qadimiy milliy ruhda ijod qilgan mutafakkir shaxs ijodiy merosi tadqiqiga bag‘ishlanganligi bilan ahamiyatli. Chunki, tariximizda yorqin iz qoldirgan bu serqirra adib va shoir haqida avlodlarga taqdim etish uchun yozilgan biror tadqiqot hanuz ma’lum emas edi. Kitobda Vasliy ijodiy merosi to‘liq qamrab olingan. Muallif eng avvalo XIX-XX asrlar adabiy muhiti xususiyatlari va bu adabiy-ma’rifiy jarayonda ijodkor faoliyatining tutgan o‘rniga alohida ahamiyat beradi. U shoir ijodiy merosini uning ijtimoiy faoliyati bilan birga o‘rganib, tadqiq etadi. Olimning islom tarixiga oid mo‘tabar manbalardan qilgan tarjimalari, ularning fan sohasidagi ilmiy qimmati, jamiyat hayoti uchun foydali jihatlari haqida fikr yuritilishi davrimiz ma’rifiy hayoti ehtiyojlariga moslab yozilgan. Ushbu keng qamrovli, ilmiy tahlil va talqinlar, mushohada-mulohazalarga boy tadqiqot bugungi davr tarixshunoslari, adabiyotshunos olimlari, islomiy-ma’rifiy soha mutaxassislari uchun zarur va foydali manbadir.
- Shohizinda mudarrisi, nuktadon shoir Sayidahmad Vasliy Samarqandiy XIX asrning oxiri XX asr boshlarida yashab ijod etgan, - deydi SamDU filologiya fakulteti dotsenti Badia Muhiddinova. - Samarqanddagi o‘zining sermahsul va barakali ijodi bilan adabiyotimizning ma’rifatparvarlik yo‘nalishi taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shdi. Ushbu kitobda Vasliy Samarqandiy ijodi va faoliyati, u yaratgan asarlar g‘oyaviy-badiiy nuqtai nazardan hamda ilk manbalar asosida tahlil etilib, nasriy va publitsistik asarlarining g‘oyaviy yo‘nalishi, badiiyati haqida mulohazalar bayon etilgan.
Behruz Shamsiddinov
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi

