Tonggi ruhiyat
- Baxt shunday narsaki, borligida uni kishi sezmaydi, yo‘qligida orzu qiladi. Baxtli odam «men baxtliman» deb olamga jar solmaydi. Inson hech qachon baxtga to‘ygan, baxtim yetarli, degan emas.
- Aslida, hayotda biror maqsad bilan yashashning o‘zi — baxt. Maqsadsiz yashash shunday ko‘rgilikki, u hech kimning boshiga tushmasin! Kishida maqsad bo‘lsa, unga erishish yo‘lida kurashish, mashaqqat chekish, ta’na-dashnomlar eshitib kuyib-yonib yurish ham — baxt.
- Ijodkor nafas oladigan havo – adabiy muhitdir. Bu havo toza, musaffo bo‘lmog‘i kerak.
- Tanqidchi dushman orttiraman, deb qo‘rqsa yoki undagi adolat tuyg‘usidan shafqat tuyg‘usi ustun kelsa, adabiy muhitda hech qachon adolat bo‘lmaydi.
- Bu olamda yo‘qotishlar ichidagi eng og‘ir yo‘qotish insonning o‘zligini yo‘qotishidir. Odamzod tafakkur va ehtiros, ruhiyat va imon dunyosida yashaydi. U yuragidagi e’tiqod bilan, ishonch bilan tirik va butun. O‘zlikni yo‘qotmoq ana shu olamdan judo bo‘lmoqdir, inson imoratidagi ruknlarning — ustunlarning sinmog‘idir.
Erkin Vohidov

