Yoshlarning ijtimoiy faolligi, ilmiy saviyasini namoyish etish, xalqaro darajada o‘z tengdoshlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida, O‘zbekistonda ilk marotaba MDH talaba-yoshlari va hamkor tashkilotlar o‘rtasida “Eng yaxshi ilmiy maqola - 2021” tanlovi Farg‘ona shahrida o‘tkazildi.

    Samarqand davlat universiteti biologiya fakulteti magistranti Shahzod Xudoyberdiyev “Eng yaxshi ilmiy maqola - 2021” tanlovida g‘olib bo‘ldi. Bunda “Parrandachilik xo‘jaliklarida boqiladigan tovuqlar yashash muhiti boyitilishini qonining asosiy fiziologik ko‘rsatkichlari va mahsuldorligiga ta’siri” mavzusidagi maqolasi bilan ishtirok etdi. Ilmiy rahbari Samarqand davlat universiteti dotsenti Yunus Ro‘ziyev.

    - Olti yildan beri Samarqand davlat universitetida tahsil olaman. Malakali professor-o‘qituvchilar bergan bilimlarni o‘zlashtirib, ko‘plab yutuqlarga erishdim, - deydi  magistrant Shahzod Xudoyberdiyev.  O‘zbekistonda ilk marotaba o‘tkazilgan “Eng yaxshi ilmiy maqola - 2021” tanlovida qatnashib, ko‘krak nishoni va sertifikat bilan taqdirlandim. Qolaversa maqolam shu nomdagi jurnalda chop etildi. Bu mening ilmiy faoliyatimni bundanda yaxshilanishiga xizmat qiladi. Albatta, biz uchun erkin ilmiy va ijodiy muhitni yaratib berayotgan universitetimiz mutasaddilariga rahmat aytaman.

Behruz Shamsiddinov

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.